O‘zbekiston | 12:50 / 06.06.2016
15518
2 daqiqa o‘qiladi

«Kadisheva» bozori ma'muriyati bozorning yopilgani haqidagi xabarlarni inkor qildi

Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi «Aviasozlar» («Kadisheva») dehqon bozori ma'muriyati bozorning yopib qo‘yilgani haqidagi xabarlarni rad qildi.

Bundan oldinroq, mahalliy nashrlardan birida bozor yopilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

UZ24 sayti bozor ma'muriyatiga murojaat qilgan va xabarga izoh so‘ragan. Ma'lum qilinishicha, 5 iyun kuni bozorda tozalik kuni e'lon qilingan va bozor vaqtinchalikka yopilgan. 5-6 iyun kunlari davomida bozor hududi chiqindilardan tozalanmoqda, bu ishlarda shahar hokimiyati qoshidagi obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan yordam ko‘rsatilmoqda.

"Bozorda hech narsani buzilmayapti, biz sanitariya kuni o‘tkazmoqdamiz. Xalq uchun bozor toza bo‘lishi kerak. Oziq-ovqat rastalari va do‘konlarning barchasi joyida. Biz tozalayapmiz, dezinseksiya qilyapmiz", deya vaziyatga izoh bergan ma'muriyat vakili.

"7 iyun kuni soat 7da bozor darvozalari ochiladi. Balki, bugun kunning ikkinchi yarmida ochilishi mumkin", degan u.

Kun.uz saytining bozorda xizmat ko‘rsatuvchi manbasi ma'lumotiga ko‘ra, «Kadisheva» bozori 23-24 iyun kungi Toshkent sammiti vaqtida shahar mehmonlari ziyorat qiladigan 5ta bozordan biri hisoblanadi va bozorda bunga munosib tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Shuningdek, bozor atrofida noqonuniy ravishda savdo qilish bilan shug‘ullanib kelayotgan savdogarlar ko‘chirilmoqda.

 

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish