Jamiyat | 16:30 / 06.06.2016
9862
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Pushkin tavalludining 217 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi 

Ma'lumki, O‘zbekistonda har yili 6 iyun kuni buyuk rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavalludi va xotirasiga bag‘ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir o‘tkazilib kelinadi. 

Ushbu an'anaga muvofiq bugun soat 9:00 da Bobur nomli xiyobon yonida shoir, yozuvchi va dramaturg Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavalludining 217 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.  Mazkur tadbir shoirning haykali o‘rnatilgan hiyobonda bo‘lib o‘tib, unda davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, taniqli o‘zbek va rus shoirlari, adabiyotshunos olimlar, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Respublika baynalmilal madaniyat markazi vakillari, o‘quvchi va talaba yoshlar ishtirok etdi. 

Tadbirni  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng Rossiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi direktori o‘rinbosari Sergey Mironov, Rossiya Fan va madaniyat markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika va boshqalar Pushkin hayoti va uning kamtarona ijodi ikki xalq madaniy aloqalari rivojiga katta hissa qo‘shganligi haqida so‘zlab o‘tishdi. 

Tadbirda o‘quvchilar o‘rtasida Pushkin ijodini o‘rganishga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. O‘quvchi va talaba yoshlar  tomonidan Pushkin ijodidan va shoirga atab aytilgan she'rlar yig‘ilganlarning olqishlariga sabab bo‘ldi. 

Pushkin poyiga guldasta qo‘yish marosimidan so‘ng tadbirning madaniy qismiga o‘tilib, “Tabassum” nomli rus raqs guruhining jajji “oqqushlar”i xirom etishdi. 
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Xalq artisti Normo‘min Sultonov tomonidan ijro etilgan M.Glinkaning “Ya pomnyu chudnoye mgnovenyu”,  P.Chaykovskiyning Lenskiy operasidan “Yevgeniy Onegin” operasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dinara Minyayeva ijro etgan – A.Rubinshteynning “Noch”, Respublika tanlovi g‘olibi Sultonbek Abdurahimov – S.Rahmaninovning “Ne poy krasavitsa pri mne...”, Xalqaro konkurs g‘olibi Nig‘mat Sinxabibi – M.Glinkaning “V krovi gorit ogon jyelanya...” kabi opera qo‘shiqlari Pushkin ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olindi. 

Aytish joizki, Pushkin asarlari Cho‘lpon, Usmon Nosir, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Mirtemir singari shoir va yozuvchilarimiz tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan bo‘lib, shoir ijodidagi mavzular ko‘lami nihoyatda keng. Qolaversa, uning ijodida Vatan, haqiqat, baxt va quvonch, yoshlik, muhabbat baland pardalarda kuylangan. Bugungi kunda umumta'lim muassasalari va oliy o‘quv yurtlarida ham shoir asarlari mukammal o‘rganib kelinmoqda.  
Pushkin tavalludiga bag‘ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbirning davomi bugun 18:00 da shoir haykali qad rostlagan xiyobonda, 7 iyunda Respublika baynalmilal madaniyat markazida bo‘lib o‘tadi.

Mohichehra Eshmirzayeva

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish