Sport | 00:07 / 06.06.2016
4832
2 daqiqa o‘qiladi

O‘rtoqlik uchrashuvlari: Rossiya Serbiya bilan durang o‘ynadi, Belgiya Norvegiyani yutdi

Rossiya terma jamoasi futbolchilari 2016 yilgi Yevropa chempionatiga tayyorgarchilik ko‘rish doirasida Serbiya jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdilar. Monakodagi  "Lui II" stadionida o‘tgan uchrashuv 1:1 hisobi bilan yakunlandi.

Hisob o‘yin yakunlanishiga hisobli daqiqalar qolganda, ya'ni 85-daqiqada Rossiya termasi hujumchisi Artyom Dzyuba tomonidan ochildi. Bu gol Dzyubaning terma jamoadagi 9-goli bo‘ldi. 88-daqiqada esa serblar hujumchisi Aleksandr Mitrovich hisobni tenglashtirdi.

Uchrashuvning 50-daqiqasida Igor Denisov jarohat olib, Denis Glushakov bilan almashtirildi. Denisov Rossiya termasining Yevropa chempionatida ishtirok etuvchi futbolchilari arizasiga kiritilgan. Qoidaga ko‘ra, jamoa birinchi o‘yinigacha arizaga kiritilgan jarohatlangan futbolchini boshqa o‘yinchiga almashtirishi mumkin. 

Yana bir o‘rtoqlik uchrashuvida Belgiya va Norvegiya uchrashdi. Bryusseldagi  "Rua Boduen" stadionida o‘tgan uchrashuv 3:2 hisobida belgiyaliklar foydasiga yakunlandi.

Mezbonlar safida gollarni Romelu Lukaku (3-daq.), Eden Azar (70-daq.) va Loran Siman (73-daq.), norvegiyaliklar safida esa Joshua King (21-daq.) va Veton Berisha (48-daq.) kiritdilar.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish