Jamiyat | 14:08 / 07.06.2016
5624
1 daqiqa o‘qiladi

11 sentabr teraktlarida insonlarni qutqargan oxirgi it vafot etdi

2001 yil 11 sentabr kuni Nyu-York fojiasida odamlarni qutqarishga yordam bergan so‘nggi mashhur kuchuk vafot etdi. Associated Press xabar berishicha, Bretan ismli tillarang retriver Hyuston shahar chekkasidagi (Texas shtati) veterinariya shifoxonasida ko‘z yumdi. Uning yoshi 16da edi.

Kuchuk o‘z hayvon o‘rgatuvchisi Deniz Korlis bilan birgalikda Nyu-Yorkka texaslik birinchi raqamli operativ guruhi tarkibiga yuborilganida ikki yoshda bo‘lgan.  

Bretan 9 yoshga to‘lganida nafaqaga chiqadi. Bir necha yillar o‘tganidan so‘ng, Korliss va Bretan 2001 yil 11 sentabr kunidagi terakt qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan memorialda ishtirok etishgan, shuningdek, NBC News’ga intervyu berishgan.

Bretanning 16 yoshiga bag‘ishlab katta tantana o‘tkazilganida unga maxsus Nyu-Yorkning 1 Hotel mehmonxonasidan Markaziy bog‘ ko‘rinib turuvchi xonani taqdim etishgan.