Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FIFA JCh-2018 o‘yinlari uchun VIP-chiptalar paketlarini millionlab dollarlik narxlarda sotishni boshladi
Rossiyada o‘tkaziladigan 2018 yilgi jahon chempionati o‘yinlari uchun eng qimmat chiptalar sotuvi boshlandi. Bu haqda FIFA rasmiy saytiga asoslanib R-Sport nashri xabar tarqatdi.
Moskva va Sankt-Peterburgda o‘tkaziladigan 19ta o‘yinni eng yaxshi joylarda turib kuzatish uchun chiqarilgan chiptalar paketi ("Bolshaya troyka" nomli VIP-chiptalar paketi - ochilish o‘yini, yarim final va final o‘yinlarini ham o‘z ichiga olgan) sotilmoqda. Bunday chiptalarning eng qimmatbahosi narxi - 2,8 mln dollarni tashkil etadi. Shuningdek, 1,4 mln, 1,8 mln, 1,9 mln va 2,1 mln dollarlik chiptalar paketlari sotuvga chiqarilgan.

Hozirda 2,1 mln dollarlik chiptalar paketi o‘z egasini topib bo‘lgan.
Eng arzon VIP-chipta narxi 850 dollarni tashkil etadi. Bunday chiptalar bitta uchrashuv uchun mo‘ljallangan va mehmonxona xizmati, taomlar, ichimliklar, esdalik sovg‘alari, avtoturargohdan joy kabi imtiyozlarni taqdim etadi.
May oyida "Rossiya 2018" tashkiliy qo‘mitasi bosh direktori Aleksey Sorokin jurnalistlarga FIFA bilan chempionat o‘yinlari chiptalarini rossiyaliklarga chegirmalar bilan sotish haqida kelishuvga erishilganini ma'lum qilgandi.
Rossiyadagi jahon chempionati 2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuligacha davom etadi. O‘yinlar Moskva, Kaliningrad, Sankt-Peterburg, Volgograd, Qozon, Nijniy Novgorod, Samara, Saransk, Rostov-Don, Sochi va Yekaterinburg kabi shaharlardagi o‘yingohlarda o‘tkaziladi.