“Ingliz tili bilimdonlari” intellektual musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi
6 iyun kuni Toshkent shahrida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan umumta'lim maktablarining o‘quvchilari o‘rtasida “Ingliz tili bilimdonlari” intellektual musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Intellektual musobaqaning 1- va 2-bosqichlarida (tuman, viloyat) yuqori natijalarga erishgan 5-9-sinf o‘quvchilaridan iborat 5 o‘quvchidan tarkib topgan jamoa Respublika bosqichida ishtirok etishgan. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur musobaqani o‘tkazishdan asosiy maqsad umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida ingliz tili muhitini yaratish, o‘quvchilarning iste'dodlarini namoyon qilishlari, intellektual salohiyatlarini oshirishlari, ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishlariga ko‘maklashish, ularni ingliz tilida fikrlashga, muloqotga kirishishga, zukkolikka va topqirlikka o‘rgatish hamda yoshlarning ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini munosib taqdirlashdan iboratdir.
Musobaqaning barcha bosqichlari 3ta shartni o‘zi ichiga olib, bunda o‘quvchilarning o‘qish, yozish, tinglab tushunish va gapirish kompetensiyalari hamda ular tomonidan ingliz tilida tayyorlangan sahna ko‘rinishi baholangan.
Tanlov natijalariga ko‘ra Toshkent shahri jamoasi 1-o‘rin, Buxoro va Andijon viloyatlari jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 3-o‘ringa Xorazm viloyati jamoasi loyiq deb topilgan.
G‘oliblarga vazirlikning diplomlari va qimmatbaho sovg‘alar topshirilgan.