iPhone 6s ananas ichida 30 metrlik balandlikdan tashlandi
GizmoSlip’ning YouTube-kanalida iPhone smartfonining antiqa krash-testi videosi paydo bo‘ldi.
Rolik mualliflari ananas qurilmani katta balandlikdan tashlanganda qanchalik himoyalay olishini aniqlashga qaror qilishgan. Sinaluvchi qurilma sifatida "pushti oltin" rangidagi iPhone 6s tanlandi.
Tajribachilar ananasda teshik o‘yib, uning ichiga ayfonni solib, baland binoning ustiga chiqishgan.
"Smartfonli" ananas 30 metr balandlikdan tashlangandan keyin, ananas mayda bo‘laklarga parchalanib ketgan, telefonning esa ekrani darz ketgan. Rolikda bunday "parvozdan" keyin smartfon ishchi holatda qolgani namoyish qilingan.
Avvalroq SquareTrade kompaniyasi yangi iPhone SE smartfonini bardoshlikka sinagandi. Aniqlanishicha, qurilma qalinroq korpusga ega bo‘lganiga qaramasdan, egilishga sinovlarda o‘zini yaxshi namoyon qila olmagan.