Mashinasini sotib, uni o‘z egasiga bermagan firibgarning qilmishlari fosh bo‘ldi
Parkent tuman hokimligidan ro‘yxatdan o‘tib, “Nur trans” mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilgan Ilhom Jumanovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ishlari ko‘ngildagidek edi. Biroq u firibgarlikni o‘ziga kasb qildi. 2014 yilda MChJga “Cobalt” avtomashinasi harid qilgan I.Jumanov oradan ma'lum vaqt o‘tgach, ushbu mavtomobilni fermer Ma'mur Ergashevga sotadigan bo‘ldi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.
U fermerning ishonchiga kiradi va firibgarlik yo‘li bilan aldab, avtomashina uchun undan 59 mln.400 ming so‘m pulni avvaldan oladi. Mablag‘ni qo‘lga kiritgach esa va'dasini tezda unatadi. Oradan salkam bir yil vaqt o‘tsa-da, I.Jumanov avtomashinani M.Ergashevga bermaydi.
Kutaverib uning yolg‘onlaridan bezgan fermer bu haqda ariza bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi. Mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruv jarayonida I.Jumanovning qilmishlari fosh etildi. Aslida ushbu avtomashina MChJga olingan kredit uchun garovda ekanligi, uni sotish uchun taqiq qo‘yilganligi ma'lum bo‘ldi.
Ushbu holatni atroflicha ko‘rib chiqqan sud I.Jumanovga nisbatan tegishli jazo tayinlab, hukm chiqardi.