Slalomda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston kubogining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi
Namanganda slalomda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston kubogining birinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan, Andijon, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahridan 120 nafar sportchi ishtirok etdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Shahar hududidan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanalida o‘tkazilgan musobaqaning turli yo‘nalishlarda eshkak eshish bo‘yicha yakkalik bahslarida poytaxtlik Alibek Temirgaliyev, Abubakr Bukanov, Janibek Temirgaliyev, Ramil Kirpichyov, namanganlik Bobur Lutfullayev, Shahrizod Valijonov g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Juftliklar o‘rtasida kanoeda eshkak eshishda poytaxtlik Muhibullo Ergashev va namanganlik Alisher Kamolov juftligi birinchi, namanganlik Enver Duvajiyev va Mirjalol Mirzamahmudov ikkinchi, farg‘onalik Ravshan Jumayev va Xurshid Ro‘ziyev juftligi uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning ikkinchi bosqichi 22-26 iyun kunlari Andijon shahrida bo‘lib o‘tadi.