Smolling Yevro-2016 turniriga o‘z o‘yinchog‘i bilan tashrif buyurdi
Angliya terma jamoasi safida Fransiyaga yetib kelgan "MYu" futbolchisi, 26 yoshli Kris Smolling o‘zi bilan safarga o‘yinchoq sherni olib keldi. Terma jamoa a'zolari aeroportda tushgan suratda ham, futbolchilar avtobusdan tushib mehmonxonaga kirishi vaqtida ham Smollingning ryukzagi ustida yirikkina o‘yinchoq sherni ko‘rish mumkin.
Angliya terma jamoasi Shantayi shahridagi mehmonxonaga joylashgan. Shahar meri Erik Vert tashabbusi bilan angliyaliklarni Auberge du Jeu de Paume mehmonxonasida kutib olish marosimi tashkillashtirilgan. Terma jamoani mehmonxona hovlisida otliq ayollar qurshovidagi orkestr kutib olgan.
Mer Angliya delegatsiyasining har bir a'zosi bilan qo‘l siqishib ko‘rishgan.
Seshanba kuni Angliya terma jamoasi dastlabki mashg‘ulotlarni o‘tkazadi. Unda 400 muxlis ishtirok etishi kutilmoqda.
Shantayi shahri Parijdan 40 km shimolda joylashgan. Shaharning diqqatga sazovor joylaridan biri qoyalar orasida qurilgan qadimiy qasr hisoblanadi. Qal'ani chor tarafdan suv qurshagan. Shantayi shahri aholisi 11 ming kishi.
Angliya terma jamoasi turnirning guruh bosqichida Uels, Rossiya va Slovakiya terma jamoalariga qarshi bahslar olib boradi. Birinchi o‘yin 11 iyun kuni Rossiyaga qarshi Marsel shahrida kechadi.