Sport | 21:49 / 08.06.2016
13558
4 daqiqa o‘qiladi

Yoqubjon Bobojonov: Futbol muxlislari Yevro – 2016 musobaqasidagi barcha o‘yinlarni jonli efirda ko‘radilar

Agar siz ham mo‘'jizaviy o‘yin muxlisi bo‘lsangiz o‘z yo‘liga, lekin futbolga qiziqmasangiz o‘zingizga qiyin. Chunki, kirib kelgan bir oy davomida qayerda to‘rtta erkak to‘plansa, o‘sha yerda futbol asosiy mavzuga aylanadi. Shunday ekan, bugungi maqolamizga bir ko‘z yugartirib chiqish siz uchun foydadan holi bo‘lmasa kerak. Deamk, keyingi haftadan millionlar o‘yini ishqibozlari orziqib kutayotgan turnir -  futbol bo‘yicha Yevropa chempionati boshlanadi.

Ko‘p sonli o‘zbek ishqibozlarni  bir savol qiynayotgani ham aniq. “Yevro -2016dagi bahslar televideniya orqali namoyish etiladimi?”. Juda o‘rinli savol. Fransiya davlati geografik tomondan qaraganda bizdan uzoq joyda. U yerga borish uchun na vaqt va na imkoniyat bor. Undan tashqari, futbolni televizorda ko‘rganga nima yetsin!  Zavjangizga achchiq ko‘k choyni damlatib, zangori ekran qarshisidagi yumshoq oromkursiga o‘tirasiz... Qarabsizki, qo‘hna qit'aning eng sara jamoalari siz uchun to‘p dumalatib yurgan bo‘ladi. Bizni Andijonda e'tiborga molik o‘yinlarni oshnalar bilan choyxonada yoki ko‘chaga oynai jahonni o‘rnatib, ko‘pchilik bilan tamosha qilishni ham o‘rganishgan.

Ishqibozlar uchun yaxshi xushxabar bor! O‘zimizning «UzReport TV» telekanali 10 iyundan boshlanajak Yevropa chempionati o‘yinlarini O‘zbekiston bo‘ylab translyatsiya qilish huquqini qo‘lga qiritdi. Biz telekanal Sport bo‘limi boshlig‘i Yoqubjon Bobojonov bilan bog‘lanib, bu haqda suhbatlashdik. Telekanal xodimi bizga quyidagi ma'lumotlarni berdi:

“Bizning telekanal yurtimizdagi futbol ixlosmandlarini talab va istaklarini hisobga olgan holda, Angliya Premer ligasi va Yevropa Chempionlar ligasi bilan bir qatorda, jahonda o‘z nufuziga ega bo‘lgan Yevropa chempionatini translyatsiya qilish huquqini ham qo‘lga kiritdi. Hozirda katta futbol bayramini tomoshabinlarga sifatli tarzda yetkazish borasida tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Musobaqa davomidagi 51ta uchrashuvdan 45tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli tarzda efirga uzatilib, qolganlari ma'lum sabablarga ko‘ra(guruh bosqichidagi so‘ngi tur o‘yinlari bir vaqtda boshlanishi hisobga olingan) yozib olingan holda namoyish qilinadi. Ishqibozlar chorak finaldan boshlab, ahamiyatli bahslarni (1/4, 1/2 va final o‘yinlari) ham jonli tarzda, ham takroran ko‘rishlari mumkin. Har bir o‘yin translyatsiyasi efir vaqtidan 15 daqiqa avval boshlanib, unda futbolchilarni stadionga kirib kelishi, o‘yinoldi mashg‘ulotlar jarayoni, musobaqadagi ajoyib muhit bilan bog‘liq qiziqarli lavhalar beriladi.  Bahslarni sharhlovchilar - Davron Fayziyev, Yoqubjon Bobojonov va Sanjar Rizayevlar olib boradilar. Bulardan tashqari, barcha ishqibozlarga tanish bo‘lgan yana bir insonni Yevro-2016 o‘yinlarini sharhlash uchun taklif etmoqchimiz. Bu insonning ismi-sharifi muxlislar uchun sir bo‘lib qola tursin. Telekanalimiz ko‘rsatuvlari  keng ommaga raqamli tarzda olib berilishi bilan birga, sun'iy yo‘ldosh orqali ham uzatiladi. Parabolik antennaga ega tomoshabinlar o‘z tyunerlarini  Yamal 401 sun'iy yo‘ldoshiga sozlasalar bas. Maqsadimiz, Yevro-2016 musobaqasini intizorlik bilan kutayotgan o‘zbek ishqibozlariga bahslarni ko‘ngildagidek namoyish qilishdan iboratdir.”

Elmurod ERMATOV suhbatlashdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish