Qozog‘iston MXQ: 20 nafar ekstremist Aqto‘bedagi teraktlarda ishtirok etishdan bosh tortgan
Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Vladimir Jumakanovning ma'lum qilishicha, Aqto‘beda teraktlar amalga oshirilishiga tayyorgarlik jarayonida radikal oqimning 20 nafar a'zosi unda ishtirok etishdan bosh tortgan. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti saytida xabar berilgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda teraktda ishtirok etishda gumon qilinib, 6 kishi qidirilmoqda. Ular Aqto‘bedan tashqariga chiqib keta olmagan.
"Shu vaqtgacha o‘tkazilgan aksilterror amaliyotlar vaqtida 13 kishi o‘ldirildi, 14 kishi yarador qilindi. Bu teraktlarga tayyorlanish bosqichida guruhning 20 nafar a'zosi bundan bosh tortgan. Ularning shaxsi aniqlangan va tergovga tortilgan. Teraktlarda ishtirok etgan 6 kishi ozodlikda qolmoqda, ularning viloyat hududidan chiqib ketmagani aniq", deya Jumakanovning so‘zlarini keltiradi matbuot xizmati sayti.
Aqto‘bedagi hujumlar bo‘yicha 20dan ortiq jinoiy ish ochilgan. Ayni vaqtda Qozog‘istonda terrorchilik xavfining "sariq" darajasi hukm surmoqda.