Jahon | 10:55 / 08.06.2016
4346
3 daqiqa o‘qiladi

London iqtisodiyot va tinchlik instituti "Global tinchlik indeksi"ni e'lon qildi

London shahridagi Iqtisodiyot va tinchlik instituti (The Institute for Economics and Peace) jahon mamlakatlarining 2015 yildagi iqtisodiyot va tinchlik darajasiga oid "Global tinchlik indeksi"ni e'lon qildi. Tadqiqotda, sayyoramizning 99,7 foiz ahoolisi istiqomat qiladigan 163 mamlakatidagi vaziyat tahlil qilingan. 

Hisobotni tayyorlashda 23 ta turli ko‘rsatkichlarga oid raqamlar solishtirilgan. 

Aytish joizki, 2014 yilgi reytingga nisbatan, Bahrayn, Yaman, Turkiya, Ukraina hamda Liviya sezilarli ravishda ko‘rsatkichini pasaytirgan. Panama (24 o‘rin yuqorilagan), Shri-Lanka (18), Qozog‘iston (16), Tayland (9), Mavritaniya (8) va JAR (7) pog‘ona ko‘tarilib, reytingdagi o‘rinlarini birmuncha yaxshilashning uddasidan chiqqan.

Reytingga ko‘ra, dunyoning eng tinch mamlakati Islandiya hisoblanadi. Birinchi o‘nlikka shuningdek, Daniya, Avstriya, Yangi Zelandiya, Portugaliya, Chexiya, Shveytsariya, Kanada, Yaponiya va Sloveniya ham kirgan. 

Tinchlik borasidagi vaziyat eng yomon mamlakatlar sirasiga Suriya, Janubiy Sudan, Iroq, Afg‘oniston va Somali kiritilgan.

Garchi, Rossiya reytingda bir pog‘ona ko‘tarilgan bo‘lsa-da, u 151 o‘rinni egallab, Shimoliy Koreyadan yuqorida turibdi. MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich Moldovaga tegishlidir. Uning reytingdagi o‘rni 70-pog‘onaga munosib ko‘rilgan. O‘zbekistondagi tinchlik indeksi esa, 113 o‘ringa mos topilgan. 2014 yilgi ayni reytingda O‘zbekiston Qozog‘istondan keyingi 104 o‘rinni egallagan edi. 

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘istondagi tinchlik bilan bog‘liq vaziyat yuqori baholangan va 87 o‘ringa joylashtirilgan. U, 2014 yilgi ko‘rsatkichini sezilarli yaxshilashga erishgan. Turkmaniston (106), Tojikiston (108), Qirg‘iziston (121) o‘rinni egallagan. 

Hujjatda shuningdek, siyosiy beqarorlik bilan bog‘liq holatlar kuchayib borayotgani ta'kidlangan. Bu borada, Jibuti, Gvineya-Bisau, Polsha, Burundi, Kozog‘istonva va Braziliya kabi davlat qayd etilgan.