Jahon | 10:31 / 08.06.2016
5609
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda qabilalararo to‘qnashuvlarning 25 ishtirokchisi o‘limga mahkum etildi

Misr sudi 7 iyun kuni 25 kishiga chiqarilgan o‘lim jazosi hukmini tasdiqladi. Ular 2 yil muqaddam mamlakat janubidagi qabilalararo to‘qnashuvga aloqadorlikda ayblangan. Bu haqda mahalliy «Al-Ahram» nashri xabar tarqatgan.

Misrda mavjud yuridik amaliyotga ko‘ra, ayblanuvchi o‘limga mahkum etilsa, hukm birinchi marta o‘qib eshittirilgach, hujjatlar mamlakat oliy muftiysiga imzolash uchun yo‘naltiriladi. Agar bu hukm tasdiqlansa, sud yakuniy hukmni o‘qib eshittirishga majbur bo‘ladi.

Sud 2014 yilning aprelida Qohira janubidagi Asuan shahri atrofida joylashgan qishloqda ikki oila vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ommaviy to‘qnashuvlar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqqan. O‘shanda arablarning Bani Halol va nubiylarning Dabudiya qabilalari o‘rtasidagi mojaro qabilalardan biriga tegishli qizga jinsiy zo‘ravonlik amalga oshirilishi natijasida kelib chiqqan va yuz bergan to‘qnashuvlar tufayli 28 kishi halok bo‘lgandi. Bir necha kun davom etgan tartibsizliklar qishloqqa harbiylar kiritilishi orqaligina to‘xtatilgandi.

Ish bo‘yicha jami 163 kishi sudlandi. Ularning 138 nafari uch yildan bir umrgacha bo‘lgan turli muddatlarga qamaldi.

Misrning janubiy hududlarida qabilalar va jinoiy guruhlararo to‘qnashuvlar kamyob hodisa emas. 1 iyun kuni Asuan shahri shimolidagi Kom-Ombo tumanida ikki jinoiy guruh ishtirokida otishma kelib chiqib, 4 kishining o‘limiga olib keldi. Ularning qurol ko‘tarishlariga maishiy mojaro sabab bo‘lgan.