Nigeriyalik sobiq futbolchi Stiven Keshi olamdan o‘tdi
Nigeriya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Stiven Keshi 54 yoshida vafot etdi. Bu haqda Nigeriya futbol federatsiyasi saytida xabar qilingan.
Uning o‘limi tafsilotlari keltirilmagan.
Keshi o‘z vaqtida futbolchi sifatida Belgiyaning "Lokeren", "Anderlext" va "Molenben" jamoalarida, shuningdek Fransiyaning "Strasburg" jamoasida to‘p surgan. Himoyachi ampluasida harakatlangan Keshi milliy terma jamoa safida 64ta o‘yinda maydonga tushib, 9ta gol urgan. U 1994 yili AQSh maydonlarida o‘tkazilgan Jahon chempionatida ishtirok etgan.
U o‘z murabbiylik faoliyatida Togo, Mali va Nigeriya terma jamoalarini boshqargan. Keshi togoliklarni 2006 yilgi JChga olib chiqqan, lekin terma jamoani Afrika Kubogidagi muvaffaqiyatsizlik tufayli Germaniyadagi mundial boshlanishi arafasida tark etgan. U Nigeriya terma jamoasi bilan 2013 yilgi Afrika Kubogida g‘olib bo‘lgan.