Toshkentda qayta tiklanuvchi energiya masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Toshkentda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash qonunchiligi va amaliyoti: milliy va xorijiy tajriba” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Tadbir O‘zbekiston Ekologik harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlar guruhi, Tashqi ishlar, Iqtisodiyot vazirliklari, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi kabi qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari a'zolari, vazirlik va idoralar, diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Latviya, Rossiya, Chexiya kabi mamlakatlardan olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili S.Prisner, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining katta maslahatchisi Xans Ulrix Im va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda energiya mustaqilligini mustahkamlash, ekologik sof texnologiyalarni hayotga joriy etish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish va bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi, ya'ni quyosh, shamol, biogaz energiyasidan foydalanish ko‘lami tobora kengayib borayotir. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, avvalo, quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha ko‘plab ilmiy va eksperimental tadqiqotlar olib borilayotir. Bu jarayonda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining alohida o‘rni bor. Mazkur birlashma negizida muqobil energiya sohasi ravnaqi yo‘lida muhim ahamiyatga ega ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirish maqsadida Xalqaro quyosh energiyasi instituti tashkil qilindi. Qator oliy o‘quv yurtlarida ushbu soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Xalqaro davra suhbati ishtirokchilari gelioenergetika mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishi ekanini qayd etdi. Binobarin, serquyosh yurtimizda yilning qariyb 300 kunida quyosh charaqlab turadi. O‘zbekiston yalpi quyosh energiyasining yillik salohiyati 51 milliard tonnadan ortiq neft ekvivalentiga teng. O‘zbekistonda kichik quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyalari, shamol-quyosh elektr stansiyalari, quyosh nuridan foydalangan holda issiq suv ta'minoti tizimlari ishga tushirilgani xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Tadbirda shamol energiyasi, geotermal resurslar, kichik gidroelektrostansiyalarni rivojlantirish bu borada muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.
Anjumanda O‘zbekistonda muqobil energetika sohasidagi ishlarni huquqiy tartibga solish bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirishning huquqiy mexanizmlarini yaratish, sohada zamonaviy uskuna va qurilmalarni ishlab chiqarishni kengaytirish, bu borada xorijlik mutaxassislar bilan tajriba almashish, muqobil energiya olishning yangi texnologiyalarini tatbiq etish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlarini yanada keng jalb qilish kabi masalalar muhokama qilindi.