“Hunarmand” bo‘limida boshliqlaridan biri soxtakorlikda ayblandi
Vobkent tuman “Hunarmand” bo‘limida boshliq bo‘lib ishlagan Bobur Umirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘ziga yuklangan ishonchni oqlamadi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
U 2013 yilning yanvar oyidan 2015 yilning oktabr oyiga qadar bo‘limga a'zo bo‘lishni so‘rab kelgan tumandagi 24 nafar hunarmandga O‘zbekistondagi sohaga oid hujjatlar talablarini buzgan holda, soxta hujjatlar asosida sartarosh-kasanachi, payvandlovchi-kasanachi, kompyuter xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha kasanachi guvohnomalari berib, ular tomonidan to‘langan 7 mln. so‘mdan ortiq badal pullarining 2 mln. 630 ming so‘mini to‘lov qaydnomalarini qalbakilashtirgan holda bankka topshiradi. Qolgan 4 mln. 370 ming so‘mni esa o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab yuboradi.
Shuningdek, tegishli hujjatlarda, tuman “Hunarmand” bo‘limi zimmasiga faqatgina ushbu hududda istiqomat qiluvchi fuqarolarga guvohnoma berishi ko‘zda tutilgan bo‘lsada, B.Umirov viloyatning turli tumanlarida yashovchi fuqarolarga ham soxta hujjatlar asosida gulli va chokli mahsulotlar tikish, ganch o‘ymakorligi, kashtachilik, sopol buyumlarga bezak berish kabi hunarmandchilik yo‘nalishlariga oid guvohnomalar berib yuboraveradi. Ulardan a'zolik badali sifatida olingan 14 mln. 131 ming so‘m pullarning 4 mln. 800 ming so‘mini bankka topshirib, qolgan 9 mln. 331 ming so‘mini talon-taroj qiladi.
O‘tkazilgan tekshirishda uning noqonuniy xatti-harakati fosh etildi. Sud tomonidan unga tegishli jazo tayinlandi.