O‘zbekiston | 12:35 / 08.06.2016
15367
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekiston havo yo‘llari" bortida bomba borligi gumon qilingan EgyptAir samolyoti Urganchga qo‘ngani haqida xabar berdi

"O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK Qohiradan Pekinga uchish vaqtida bortida bomba borligi haqidagi xabardan keyin O‘zbekistonga shoshilinch ravishda qo‘ngan EgyptAir samolyoti haqida rasmiy ma'lumot berdi.

Xabarda aytilishicha, bu samolyot Urganchdagi aeroportga majburan qo‘ngan. Ayni vaqtda barcha yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.

Samolyot bortida 118 yo‘lovchi va ekipajning 17 a'zosi bo‘lgan. Samolyotni tekshirish ishlari olib borilmoqda.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, o‘zbek aviatsion hukumati bortda portlovchi qurilma borligi haqidagi ma'lumot munosabati bilan favqulodda qo‘nishni amalga oshirish to‘g‘risidagi murojaatni qabul qildi.

Shu tufayli qilingan murojaat asosida soat 8:00da misrliklar samolyoti Urganch aeroportiga shoshilinch ravishda qo‘ndirildi.

Ayni vaqtda bortdagi 118 yo‘lovchi va ekipajning 17 a'zosi evakuatsiya qilinib, xavfsiz joyga olib o‘tilgan. Havo kemasida tekshiruv ishlari o‘tkazilmoqda", deyilgan "O‘zbekiston havo yo‘llari" matbuot xizmati xabarida.

Bundan oldinroq, EgyptAir samolyoti portlash xavfi tufayli O‘zbekistonga majburan qo‘ngani xabar qilingandi.