Jamiyat | 12:00 / 09.06.2016
11088
6 daqiqa o‘qiladi

Anvar qori Tursunov: "Mustabid tuzum davrida biz Ramazon so‘zini aytishga ham qo‘rqardik"

— Biz avvalo vatandoshlarimizni kirib kelgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etamiz. Bu oy tinchlik, baraka va mehr-oqibat oyi bo‘lishligini Allohdan so‘raymiz.

Bizning O‘zbekistonimizga Allohning rahmati, nazari tushgan. Yurtimizda inson uchun eng katta ne'mat hisoblanmish tinchlik, xotirjamlik, ahillik va millatlararo totuvlik qaror topgan. Mazkur ne'matlarning bardavomligi yo‘lida tashabbus ko‘rsatayotgan Yurtboshimizga rahmat aytamiz. U kishining 2016 yil 1-iyundagi "Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi Qarorlari juda katta voqeadir. Biz dunyo mamlakatlari haqidagi ma'lumotlarni internet orqali o‘qidik. Dunyoning biror-bir mamlakatida, hatto musulmon davlatlarida ham Prezident Ramazon oyini munosib o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilmas ekan. O‘zbekistonimizda davlat rahbarining muqaddas dinimizga, musulmonlarga shunchalik hurmat-izzat ko‘rsatayotgani katta ne'mat. Buni nafaqat ulamo va imom-xatiblarimiz, balki xalqimiz ham teran anglayapti.

Muhtaram Prezidentimizning qaroridagi alohida bandlarda Ramazon oyining asl g‘oyasi o‘z aksini topgan. Bu oyda bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar belgilab qo‘yilgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda «Pay­g‘ambarimiz (s.a.v.) bu oyda kuchli bo‘rondan ham saxiy bo‘lib ketar edilar» deyilgan. Mazkur qarorda aynan shu g‘oya mujassam bo‘lganki, bu yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha musulmonlarni xursand qildi. Qaror natijasida mutasaddi tashkilotlar bizga g‘amxo‘rlik qilishmoqda. Muborak oyni tinch-xotirjam o‘tishida barcha o‘z mas'uliyatini his qilmoqda. Yoshi ulug‘ otaxonlarimizning sog‘lig‘idan xabardor bo‘lib turish uchun tibbiyot xodimlari ham jalb etilmoqda. Qani aytingchi, yana qayerda bunday sharoitlar yaratilgan?

Hozir Ramazon arafasida turibmiz. Biz har kuni xalqimizning to‘ylarida, ma'rakalarida yuramiz. Bu qarordan hamma xursand ekanini ko‘rib, bilib turibmiz. Ayniqsa, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz shukrona aytishmoqda, duo qilishmoqda.

Mustabid tuzum davrida biz Ramazon so‘zini aytishga ham qo‘rqardik. Qarang, biz bir oy davomida televideniye orqali Ramazon oyining fazilatlari haqida xalqimizga ma'lumot berish imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bundan hammamiz, ayniqsa, xalqimiz juda xursand.

Men yaqinda dehqonlar bilan suhbatlashdim. Ular bu yilgi hosil o‘tgan yilgidan yuz barobar ko‘p ekanini aytishdi. Bu Allohning bizga bergan ne'mati. Inshoolloh, bir oy davomida mana shu mavzularda xalqimiz bilan suhbat quramiz.

Mustaqillikka erishganimizga 25 yil bo‘ldi. Ilgari deyarli qorilar yo‘q edi. Tarovih namozi uchun xorijdan qori olib kelinar, chala xatmi Qur'on bo‘lardi. Bugungi kunda o‘zimizning madrasalarda, Islom universiteti va institutida yetishgan, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallagan, maxsus guvohnomaga ega bo‘lgan qorilarimiz yurtimiz masjidlarida tarovih namozlarini o‘tkazib kelmoqda.

Yana bir fikrni alohida aytishim zarur. Hozirda dunyo ulamolari O‘zbekistonda kamol topayotgan qorilar ko‘p jabhalarda boshqa mamlakatlardagi qorilardan ustun ekanliklarini e'tirof etmoqda.

Umid qilamizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan berilgan tavsiya va ko‘rsatmalar asosida tarovih namozlarimiz go‘zal ko‘rinishda o‘tkaziladi. Namozlar vaqtida ehtiyoj­mand, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga yordam berish har birimizning insoniy vazifamiz ekanligini uqtirib borishga harakat qilamiz.

Yaqinda Farg‘onaga bordim. Chekka qishloqlardan birida joylashgan «Muborak» jome' masjidida bo‘ldik. Juda go‘zal, hamma sharoitlar yaratilgan, fayzli masjid ekan. Aytmoqchi bo‘lganim, yurtimizning eng chekka, tog‘li hududlarida joylashgan masjidlarda yaratilgan sharoitlar shahardagidan aslo kam emas. Bu ham davlatimizning musulmonlarga ko‘rsatayotgan ehtiromining ramzidir.

Yurtimizda diniy erkinlik ta'minlangan. Erkinlik birinchi nav­batda mas'uliyat deganidir. Biz islom dinining tinchlik, ahillik va mehr-oqibat dini ekanligini anglab yetaversak barakotlar bundan ham ziyoda bo‘laveradi.

Ramazon oyining Laylatul-qadr kechasini o‘tkazish uchun bir guruh yurt­doshlarimiz umra safariga boradilar. Ular muborak kechada Vatanimiz, xalqimiz haqiga duo qilib keladilar. Bu ham ulug‘ ne'mat. Bir paytlar haj, umra kabi safarlar ota-bobolarimiz uchun ushalmas orzu bo‘lgan. Joriy yilning o‘zida minglab yurtdoshlarimiz umraga borishdi. Yaqinda bo‘ladigan haj safariga ham katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Barcha tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Bularning barchasi Yurtboshimizning g‘amxo‘rligi natijasida bo‘layotganini alohida ta'kidlashimiz lozim.

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri Temur A'ZAM yozib oldi.

«O‘zbekiston ovozi» gazetasi, 66-son. / Manba: Vakillik.uz / Surat: Muslimat.uz