Jahon | 12:20 / 09.06.2016
5721
2 daqiqa o‘qiladi

Bild: Turkiya GFRning arman genotsidini tan olishiga javob hozirlayapti

Turkiya hukumati Germaniya bundestagining 1915 yili Usmoniylar imperiyasi armanlarni qatliom qilganini tan olganiga javoban keskin choralar ko‘rish niyatida, deb yozmoqda Bild gazetasi. 

Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalinning bayonotiga ko‘ra,  mamlakatning «mas'ul idoralari, birinchi navbatda, tashqi ishlar vazirligi qarshi choralar rejasini tayyorlamoqda». 

Xabar qilinishicha, choralar prezident Erdo‘g‘an va bosh vazir Binali Yildirim tomonidan muhokama qilingach, e'lon qilinadi. 

Maqolada yozilishicha, Turkiya Bundestagning 11 nafar deputatiga nisbatan kamida 3ta sud ishini tayyorlamoqda. Ularning ikkitasi Turkiya politsiyasi kasaba uyushmasi, yana biri turk huquqshunoslari tomonidan qo‘zg‘atiladi. 

Shunga qaramay, GFR turk hukumatining bu kabi rejalarini keskin tanqid qilmoqda. 

«Agar mazkur xabarlar to‘g‘ri bo‘lsa, bu yaxshi emas. Bunday choralar faqatgina kelishmovchilikni yanada taranglashtiradi», — degan «yashillar» partiyasi deputati Ozkan Mutlu gazetaga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, nemis deputatlari, mamlakat hukumatidan voqeaga aralashishni so‘rashgan.