BMT Bosh kotibi saylovining birinchi bosqichi yakunlandi
7 iyul Bosh kotib bo‘lishi niyatini bildirgan Slovakiya va Argentina tashqi ishlar vazirlari Miroslav Laychak va Susana Malkorraning chiqishi bo‘ldi. Aprel oyi o‘rtalarida boshqa nomzodlar chiqish qilgan edi. Shu tariqa 11 nafar nomzodning har biri BMT qarorgohida bo‘lib o‘tgan eshituvlarda ishtirok etar ekan, xalqaro hamjamiyat oldida turgan asosiy muammolar masalasida o‘z fikrlarini bildirdilar. Bu haqda BMT Bosh Assambleyasi 70-sessiyasining Raisi Mogens Lyukketoft bayonot berdi.
Mogens Lyukketoftning aytishicha, ilk bor nomzodlarni tanlash shaffoflik asosida o‘tkazildi. Har bir nomzodga o‘z fikrini bayon etish va savollarga javob berish uchun ikki soat vaqt berildi. Da'vogarlar zamonaviy tahdid va chaqiriqlarga, jumladan, terror tahdidlari, turli nizolar, global iqlim o‘zgarishi, muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz va yadroviy qurolsizlanishga nisbatan o‘z qarashlarini bildirishlari kerak bo‘ldi.
Endilikda nomzodlar Xavfsizlik Kengashida muhokama qilinadi. Bosh Assambleya raisi Xavfsizlik Kengashi a'zolariga nomzodlarning chiqishlaridan olgan taassurotlar haqida ma'lum qiladi. Mogens Lyukketoftning so‘zlariga qaraganda, ayni damda BMTga muhim vazifalarni bajarishga qodir kuchli bosh kotib kerak. U jahondagi tinchlik va xavfsizlikka bo‘layotgan tahdidlarga javob qaytaruvchi kuchli va mard bo‘lishi kerak.
Pan Gi Muning vakolatlari shu yilning 31 dekabr kuni tugashi sabab, yangi bosh kotib kelasi yilning 1 yanvar kuni o‘z vazifalariga kirishishi kerak. Ayni damda Slovakiya tashqi ishlar vaziri Miroslav Laychak, Argentina tashqi ishlar vaziri Susana Malkorra, Serbiya sobiq tashqi ishlar vaziri Vuk Yeremich, BMTning Taraqqiyot dasturi ma'muri yangi zelandiyalik Xelen Klark, Makedoniya sobiq tashqi ishlar vaziri Srdjan Kerim, Chernogoriya tashqi siyosat mahkamasining rahbari Igor Lukshich, YuNeSKO bosh direktori Irina Bokova, Portugaliya sobiq bosh vaziri Antoniu Guterrish, Sloveniya sobiq prezidenti Danilo Tyurk, shuningdek, Moldova va Xorvatiya sobiq tashqi ishlar vazirlari Natalya German va Vesna Pusich BMT bosh kotibligi uchun bo‘lib o‘tadigan kurashda ishtirok etish niyatini bildirgan. Nomzodlar xalqaro munosabatlarda tajribasi boy, tashkilotchilik qobiliyatlariga ega bo‘lishi, odamlar bilan tezda til topib ketishlari kerak. Tahlilchilarning fikricha, BMT tashkil etilgandan beri o‘tgan davr maboynida Bosh kotiblarning vazifalarida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan. Ilk yillarda Bosh kotib ma'muriyat rahbari sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, keyinchalik ular xalqaro masalalarni muhokama qilishda vositachi vazifasini bajarishga kirishdilar. So‘ng esa mustaqil siyosiy arbob darajasiga ko‘tarildilar. Haqiqatan ham BMT Nizomida Bosh kotib “Ma'muriyat rahbari” sifatida talqin qilinadi. Bosh kotib xalqaro tinchlik va xavfsizlika taxdid soluvchi barcha masalalar bo‘yicha Xavfsizlik Kengashiga ma'lumot berib turishi kerak.
Mintaqalar bo‘yicha rotatsiya qoidalariga ko‘ra, bu lavozimga Sharqiy Yevropa vakili saylanishi kerak. Yangi bosh kotib, Sharqiy Yevropa mamlakatlarining vakili bo‘lishidan tashqari, ayol kishi bo‘lsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lishi ta'kidlandi.
Ma'lumki, BMTga asos solingan 1945 yildan beri o‘tgan 70 yil davomida bosh kotib lavozimini faqat erkaklar egallab keldi. An'anaga ko‘ra, BMT bosh kotiblari navbatma-navbat dunyoning turli mintaqalari vakillari orasidan tanlab olinadi. Shu kungacha bo‘lgan muddatda bosh kotiblar faoliyati tahlil qilinadigan bo‘lsa, u holda G‘arbiy Yevropa vakili olti muddat, Afrika vakili uchta muddat, Osiyo vakili to‘rt muddat va Lotin Amerikasi vakili ikki muddatdan BMT Bosh kotibligiga saylanganliklari oydinlashadi. BMTdagi Mintaqaviy guruhlar quyidagilardan – G‘arbiy Yevropa va boshqa mamlakatlar guruhi, Sharqiy Yevropa guruhi, Lotin Amerikasi va Karib havzasi guruhi, Osiyo guruhi va Afrika guruhidan iborat.
Bolgariya vakili bo‘lmish YuNeSKO ijrochi direktori Irina Bokova asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilardi. Chunki Pan Gi Mun o‘zining merosxo‘ri ayol kishi bo‘lishi lozimligini bir necha bor ta'kidlagan edi.
Qoidaga ko‘ra, Bosh kotib nomzodi Xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Shundan so‘ng Bosh Assambleyaga yuboriladi. Bosh Assambleyada 193 ta mamlakatning uchdan bir qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur.
1965 yilda yangi davlatlar paydo bo‘lishi bilan Xavfsizlik Kengashi a'zolari soni 11tadan 15tagacha ko‘paytirildi. Ammo Doimiy a'zolar soni o‘zgarmay qolaverdi. O‘tgan asrning 90-yillari boshlarida sotsialistik lager tanazzulga uchraganidan so‘ng BMTga a'zo bo‘lgan mamlakatlar yana ko‘paydi.
Ayni damda yanada samarali ishlashi yo‘lida BMT, jumladan, Xavfsizlik Kengashini isloh qilish yuzasidan fikrlar bildirilmoqda. Asosiy maqsad global tahdid va chaqiriqlarga o‘z vaqtida javob berishga qaratilgan. Shu bilan birga har qanday islohotlar Xavfsizlik Kengashini samarasiz organga aylantirmaslik lozimligi aytiladi. Ayni damda veto huquqi bilan bog‘liq masala keng muhokama qilinmoqda. Hozirgi kunga kelib BMT dunyodagi eng yirik xalqaro tashkilotga aylandi. BMT tuzilganida uning safida 51ta mamlakat bo‘lgan bo‘lsa, ayni damda, jahonning 193ta davlatini birlashtirib, 70 yillik tarixi davomida qator xalqaro muammolarni hal etishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Sharofidin To‘laganov