Sport | 09:57 / 09.06.2016
6666
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda futbolchi sariq ishton kiygani uchun yarim yilga futboldan chetlatildi

Eronda Tehronning «Persepolis» klubi darvozaboni Susha Makoniy mamlakat chempionati o‘yinlaridan 6 oyga chetlatildi. Bunga internetda 29 yoshli ushbu futbolchining sariq ishton kiygan holda tushgan surati tarqalgani sabab bo‘ldi.

Eron Futbol federatsiyasining axloq qo‘mitasi 29 yoshli futbolchini ushbu fotosurat uchun jazolashga qaror qildi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, futbolchi bu mojaro yuzasidan chaqirilgan kengashga kelishdan bosh tortgan.

«Biz bu qarorni shuning uchun qabul qildikki, Makoniyning tashqi ko‘rinishi jamoatchilikka salbiy ta'sir qilishi mumkin» – deya ma'lum qilgan qo‘mita a'zolaridan biri.

Qayd etilishicha, bu ushbu futbolchining o‘z harakatlari uchun ilk bor jazolanishi emas. Makoniy shu yilning 4 yanvarida paranjisiz ayollar qurshovida suratga tushgani uchun qamoqqa olingandi.

Makoniy yakunlangan mavsumda jamoasining 20ta uchrashuvida darvozani qo‘riqlagan va 15ta gol o‘tkazib yuborgan. Shu bilan birga u 10ta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.

Manba: Tribuna.uz