Google asoschisi aeromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga sarmoya kiritdi
Alphabet xoldingi rahbari Larri Peyj uchar avtomobillar yaratish bilan shug‘ullanuvchi ikkita kompaniya – Zee.Aero va Kitty Hawk’ga investitsiya kiritgan. Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, Google hamta'sischisi startaplarga shaxsiy mablag‘larini kiritmoqda va uning bunga aloqadorligi ommaga ma'lum bo‘lishini istamayapti.
Google’ning Mauntin-Vyudagi (Kaliforniya) bosh qarorgohi yaqinida joylashgan Zee.Aero kompaniyasi 2010 yilda tashkil etilgan va boshidan beri Google bilan aloqasi borligini inkor qilib kelgan. Biroq agentlikka ma'lum bo‘lishicha, Peyj Zee.Aero’ga ismi jamoatchilikdan sir saqlanishi sharti bilan o‘zining 100 mln dollarlik shaxsiy mablag‘ini investitsiya qilgan.
Taxminlarcha, Zee.Aero vertikal holatda qo‘nib-ucha oladigan elektr samolyot g‘oyasini amalga oshirmoqda. Bu samolyotni yaratishda NASA, Boeing va Space X’ning sobiq dizaynerlari va muhandislari ish olib bormoqda.
Kitty Hawk esa kvadrokopterning katta versiyasini eslatuvchi aeromobil qurmoqda. Bu kompaniyaga Peyj o‘tgan yili sarmoya kiritgan.