Jahon | 13:33 / 09.06.2016
19128
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Saratov viloyatida O‘zbekistondan olib borilgan 18 tonna kasallangan olxo‘ri musodara qilindi

Rossiyaning Saratov viloyati "Rosselxoznadzor" xodimlari O‘zbekistondan olib kelingan, ammo kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan 18 tonna olxo‘ri mevasini musodara qilishgan. Mevalar xavfli karantin kasalligi bilan zararlangani haqida ma'muriyatning mintaqaviy boshqarmasi ma'lum qilgan. 

O‘zbekistondan keltirilgan mevalar partiyasi bojxona punktida ushlab qolingan. 

"Umumiy vazni 18,469 tonna bo‘lgan yuk solingan qutilarda me'yor bo‘yicha belgilar mavjud bo‘lmagan. "Saratov viloyatlararo veterinar laboratoriya"sida o‘tkazilgan tahlillar esa, mevalar olxo‘ri chechagi bilan kasallanganini ko‘rsatgan", — deyiladi xabarda. 

Bu xavfli meva kasalligining RF hududida tarqalishining oldini olish maqsadida, “Rosselxoznadzor” belgilangan taqiqlar buzilgan holda olib kirilgan mevalarni yo‘q qilishga qaror qilgan. 

Olxo‘ri chechagi  – danakli mevalarning eng zararli kasalliklaridan biridir. Uni PPV virusi keltirib chiqaradi. Mazkur kasallik YeI, RF, BMT oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti karantin ro‘yxatiga kiritilgan. 

Virus o‘rik, olcha, gilos, shaftoli, olxo‘ri, nektarin kabi mevalarni zararlay oladi va mevali daraxtlar uchun jiddiy tahdid uyg‘otadi. Mevali daraxtlarning 70-80 foiz hosili yo‘q bo‘lishi mumkin. 

Bundan tashqari, kasallangan mevalarni ko‘p hollarda qayta ishlash mumkin emas.