Jahon | 15:48 / 09.06.2016
7098
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni vaziri: Saudiyaliklarga ham, xorijliklarga ham soliqlar yo‘q

Saudiya Arabistoni Moliya vaziri Ibrohim Al-Assaf qirollikning mamlakat fuqarolari yoki xorijliklarga soliq solmoqchi ekanini rad etib, xorijliklarga soliq solish taklifi ilgari ham bo‘lganini aytar ekan, bu masala keyinchalik muhokama etilishini bildirgan.

U bu borada hech qanday tasdiqlov bo‘lmagani, bu Moliya vazirligi tomonidan bildirilgan takliflardan biri ekanini bildirdi. 

U 7 iyun kuni "Qayta Tiklanish Milliy Dasturi -2020" (National Transformation Program, NTP-2020 ) munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot konferensiyasida jurnalistlarning savollariga javob berdi. 

Al-Assaf NTP-2020 dasturiga mas'ul vazir sifatida dasturning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi hamda barqarorligini yangi bosqichga olib chiqishini ta'kidladi. 

Adliya vaziri Valid As-Samad NTP-2020'ni  iqtisodiyot va taraqqiyot jihatdan qirollikning kelajagini belgilab beradigan asosiy mexanizmi deb atadi. U shuningdek Fiqh qonunlari kodeksi loyihasi tugallangani va hozirda ko‘rib chiqilayotganini aytdi. 

Transport vaziri Sulaymon Al-Hamadan mazkur dastur asosida yo‘l-transport hodisalari natijasidagi o‘lim holatlarini kamaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganligini bildirdi. 

"Avtomobil avariyasi ko‘rsatkichlari va o‘lim foizi mamlakatimizda juda yuqori. Bu halokat", - dedi u. 

Shuningdek u port faoliyatining samaradorligini oshirish kerakligini ham ta'kidladi.