Sport | 18:15 / 10.06.2016
8994
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda futbol bo‘yicha BO‘SMlar o‘rtasida viloyat birinchiligi yakuniga yetdi

6 – 10 iyun kunlari Andijonda 2001 yilda tavallud topgan BO‘SM tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Sog‘lom ona va bola yili” munosabati bilan futbol bo‘yicha viloyat birinchiligi o‘tkazildi. Musobaqada viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi muassasalarning 13ta jamoalari ishtirok etdi. Yuqori saviyada tashkil etilgan turnirning yarim final va final bahslari Andijon shahar Sho‘rbuloq dahasidagi futbolga ixtisoslashgan maktab-internati o‘yingohida bo‘lib o‘tdi.

Birinchi yarim final bahsida jalalquduqlik va asakalik yosh futbolchilar kuch sinashib, unda asakaliklarning qo‘li baland keldi. Shahrixon BO‘SM va Andijon shahar BO‘FM futbolchilari o‘rtasidagi uchrashuv 1:3 hisobida yakun topdi. Shunday qilib, musobaqaning finalida Andijon shahar BO‘FM jamoasi Asaka tumanilik tengqurlari bilan bellashdi. Qiziqarli tarzda o‘tgan asosiy bahs Andijonliklar g‘alabasi bilan yakunlandi.

Tadbir yakunida tashkil etilgan tantanali taqdirlash marosimida so‘z olgan viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Uzoqov ishtirokchilarni ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari uchun qutladi. G‘olib va sovrindor jamoalar Andijon viloyati futbol federatsiyasi, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati hamda bolalar sportini rivojlantirish jamoat fondi viloyat filialining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

- Maktab o‘quvchilarining yozgi ta'til davri mobaynida bir qator musobaqalarni uyushtirishni rejalashtirganmiz,- deydi viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Uzoqov. Bugun yakuniga yetgan turnir davomida ko‘plab yosh iqtidorlarni saralab oldik. O‘ylaymanki, mana shu futbolchilar orasidan kelajakda yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda himoya qiladigan futbolchilar yetishib chiqadi.

Elmurod ERMATOV, Andijon