Iqtisodiyot | 14:40 / 10.06.2016
6784
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston eng ko‘p neft iste'mol qiluvchi uchinchi yirik davlat bo‘ldi

Hindiston, neft va neft mahsulotlari iste'mol qilish bo‘yicha AQSh va Xitoydan keyingi uchinchi o‘rinni egalladi, deyiladi BP kompaniyasining Jahon energetika hisobotida. Bu haqda Rigzone xabar qilgan. 

2015 yili butun dunyo bo‘ylab iste'mol qilingan neftning 4,5 foizi Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mamlakatning bir kunlik ehtiyoji 4,1 mln barrelni tashkil etgan. Bu raqam AQShda 19,39 mln, Xitoyda 11,96 mln barreldan iborat bo‘lgan.

O‘rnini Hindistonga bo‘shatib bergan Yaponiyadagi neft iste'moli 3,9 foizgacha tushib, bir kunda 4,15 mln barrel talab etilgan. 2014 yili Yaponiya kuniga 4,3 mln barrel neft mahsuloti ishlatgan, Hindistonning bu boradagi ko‘rsatkichi atigi 3,84 mln barrel bo‘lgan edi.

Xususan, jahon bo‘ylab bir kunda 95 mln barrel neft iste'mol qilinsa, shuning 19,7 foizi birgina AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatdagi neft iste'moli 2014 yilga nisbatan 1,6 foizlik o‘sishni ko‘rsatgan. 

Xitoyning 2015 yildagi bu boradagi o‘sishi 6,3 foizni tashkil etib, bir kunda 11,968 mln barreldan iborat bo‘lgan. Bu jahon talabining 12,9 foizidir. 

Hozirgacha, neft dunyodagi eng asosiy energiya manbai bo‘lib qolmoqda. "Qora oltin"ning jahon energiya iste'molidagi hissasi 32,9 foizni tashkil etgan. Ko‘mir 29,2 foizlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni band etgan. Tabiiy gaz ulushi 23.8 foizdan iborat bo‘lgan.