17:53 / 10.06.2016
3216

Obama teleshouda blyuz navolari ostida o‘z faoliyati natijalari haqida so‘zlab berdi

AQSh prezidenti Barak Obama televizion shouda ishtirok etib, sokin musiqa ostida davlat rahbari lavozimida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi.

"So‘nggi sakkiz yil davomida sizning prezidentingiz sifatida xizmat qilishga musharraf bo‘ldim. Men Oq uyga kelganimda, mamlakatimiz o‘z tarixidagi eng yomon turg‘unlik holatini boshdan kechirayotgan edi. O‘sha davrdan boshlab biz 14 milliondan ortiq ishchi o‘rinlari yaratdik va ishsizlik darajasini besh foizdan pastga tushirdik. Mening ma'muriyatim olib borgan ishlar iqtisodiyotni rag‘batlantirishga imkon berdi va davlatni taraqqiyot yo‘liga qaytardi", - deya ma'lum qildi Obama NBC kanalidagi Tonight Show televizion ko‘rsatuvida. 

Obama shuningdek, "AQShning ijtimoiy hamda atrof-muhitni himoya qilish sohalarida ilg‘or qadamlar" qo‘yganini ta'kidladi.

"AQSh kelajak avlod uchun sayyoramizda sog‘lom iqlimni ta'minlovchi toza energiya ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi", - dedi Obama. 

Prezident qo‘shimcha 20 million amerikaliklarga malakali tibbiy yordam olish imkonini bergan Obama Care sog‘liqni saqlash islohotini ham qayd etib o‘tdi. 

Shundan so‘ng u tez orada prezident majburiyatlarini bajarishni tark etishini bildirdi. 

"Mening ta'tilimga taxminan 223 kun qoldi", - dedi Obama jilmayib. 

Prezident o‘z so‘zlariga yakun yasar ekan, u amerikaliklarni muhim qaror kutayotganini ta'kidladi. 

"Prezidentlikka nomzodlarning ba'zilari (ismlarini aytmayman) mening xorijiy siyosiy pozitsiyamni tanqid qilishdi (shu payt bek-vokalchi Donald Trampning nomini kuyladi va zalda kulgi ko‘tarildi). Eng asosiysi, xorijiy rahbarlar bilan hamkorlikda ishlash deb hisoblayman, shu sabab men Eron bilan yadroviy bitim imzoladim, Kuba bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdim va Trans-Tinch okeani bilan muzokaralar olib bordim, bu Amerika biznesiga o‘z mahsulotlarini AQSh va chet ellarda sotish imkonini beradi", - dedi u. 

Musiqiy chiqishning oxirida AQSh prezidenti "AQShning eng yaxshi kunlari oldinda ekanligini" ta'kidladi.

Top