Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pele va Maradona Parijdagi o‘rtoqlik o‘yini arafasida bir-biri bilan yarashdi
O‘tmish futboli afsonalari Pele va Maradona Parij shahrida Yevropa chempionati arafasida tashkil etilgan "Do‘stlik uchrashuvi" nomi ostidagi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etishdi.
Ushbu uchrashuvda har ikki jamoadan besh nafardan faxriy futbolchilar maydonga tushishdi: Maradona, David Trezege, Anjyelo Perutstsi, Klarens Zeyedorf, Bebeto, Rio Ferdinand, Dida, Ernan Krespo va Fernando Yyerro. Uchrashuvda 8:8 hisobi qayd etilgan.
Yanvar oyida belini operatsiya qildirgan 75 yoshli Pele o‘yin vaqtida murabbiy vazifasini bajargan.
O‘yin boshlanishi arafasida Pele va Maradona bir-biri bilan yarashgan.
O‘yindan keyin ular o‘zaro munosabatlari xususida fikrlar bildirib o‘tishgan.
"Endi hech qanday qarama-qarshilik bo‘lmaydi. Men Pelega barchasi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. U qanday futbolchi bo‘lgani va biz uchun umrbod qanday inson bo‘lib qolishini hammamiz yaxshi bilamiz. Bizga u kabi insonlar, futbol afsonalari juda kerak", - degan Maradona.
"Eng muhimi - bu o‘yin tinchlik elchisi. Men do‘stim Maradonaga bunday imkoniyat uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Maydonga tushgan futbolchilar sharafiga bu qadar ulkan olqishlarni eshitish juda yoqimli bo‘ldi", - degan o‘z navbatida Pele.
Ma'lumot uchun, 2000 yilda FIFA tomonidan XX asrning eng yaxshi futbolchisini aniqlash jarayonida Pele va Maradona o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan edi. O‘shanda internetda o‘tkazilgan so‘rovnomada ko‘pchilik Maradona uchun ovoz bergan. FIFA jurnali o‘quvchilari esa Pelega ovoz bergandi.
Yakunda FIFA har ikki nomzodni taqdirlashga qaror qilgandi. Ammo Maradona bu qarorni tanqid qilgan va taqdirlash marosimida Pelega sovrinni topshirishlarini kutmasdan, zaldan chiqib ketgandi.
Keyinroq Maradona Peleni braziliyalik boshqa bir afsonaviy futbolchi Garrincha "azob-uqubatda vafot etishiga jim qarab turganlikda" ayblagandi. Pele esa Maradonani aqli noqislikda ayblagan.