Sport | 07:06 / 10.06.2016
4752
2 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab ingliz fanatlari Marselda bezorilik qilishdi

Fransiyada 10 iyundan 10 iyulgacha bo‘lib o‘tadigan Yevro-2016 musobaqasi hali boshlanmagan bo‘lsa-da, biroq ba'zi bebosh fanatlar "o‘zlarini ko‘rsatishni" boshlab yuborishdi. Angliyalik 200 ga yaqin futbol fanatlari Fransiyaning Marsel shahrida tartibsizlik qilishdi. Bu haqda 10 iyunda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.

Ko‘pchiligi mast holatda bo‘lgan inglizlar Bretey ko‘chasida mahalliy aholi bilan mushtlashuvga kirishgan. Fanatlar yo‘llarida uchragan restoran va barlarga hujum qilgan. Ular "qurol" sifatida shisha idishlar va stullarni qo‘llagan.                                  

Politsiyaga tartibsizliklarga chek qo‘yish uchun ma'lum vaqt va ko‘zni achishtiruvchi gaz kerak bo‘ldi. Ko‘pchilik fanatlar qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan, ulardan bir nechasigina ushlangan. 30 ga yaqin politsiyachi ko‘chani to‘sib olgan.

Bugun, 10 iyunda boshlanadigan Yevro-2016 musobaqasining guruh bosqichidagi Angliya va Rossiya o‘rtasidagi uchrashuv Marselda 11 iyunda bo‘lib o‘tadi. Shu tufayli shaharga 150 mingga yaqin ingliz futbol fanatlari kelishi kutilmoqda.