Kasperskiy: rossiyalik dasturchi va xakerlar dunyoning eng mohir mutaxassislari
Rossiyalik dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilar hamda kiberfiribgarlar o‘z sohalarida dunyoning mohir mutaxassislaridir. "Kasperskiy laboratoriyasi" bosh direktori Yevgeniy Kasperskiy The New York Times nashri jurnalistlari bilan suhbatida shunday fikrlarni bildirgan.
"Kibernetika sohasida biz "o‘rta asrlar"da yashamoqdamiz - deya, uning so‘zlarini keltiradi Amerika gazetasi. - Hozirgi kunda imkoniyatlar kengaymoqda, yangi texnologiyalar paydo bo‘lyapti, yangidan-yangi xizmatlar taklif etilmoqda, ammo xavfsizlik yetishmayapti".
Nashrning qayd etishicha, "Kasperskiy va uning kompaniyasi xakerlik guruhlariga qarshi kurashda yetakchi hisoblanadi". Gazetaning uqdirishicha, rossiyalik kiberxavfsizlik mutaxassisi buni ikkita sabab bilan izohlagan.
"Rossiyalik programmistlar kuchli, ammo afsuski, rossiyalik kiberjinoyatchilar ham kuchlidir ", - degan Yevgeniy.
Kasperskiyning so‘zlariga ko‘ra, RF xakerlari o‘zlari ishlab chiqqan zararli dasturlardan samarali foydalanadi.
"Ular nafaqat o‘z qurbonining axborotini o‘g‘irlaydi, balki boshqa guruhlarga shu kabi texnologiyalarni sotadi, - deb qo‘shimcha qilgan Kasperskiy. - AQSh va Osiyoda bundan jabrlanganlar yuzlab topiladi".
"Kasperskiy laboratoriyasi" axborot xavfsizligi uchun qator dasturlar ishlab chiqaradi. U, dunyoning kiberxavfsizlik sohasidagi eng yirik kompaniyalaridan biridir.