Jahon | 07:53 / 11.06.2016
6196
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh HHK Suriyada muholifat otryadiga xatolik tufayli zarba berdi

AQSh harbiy-havo kuchlari samolyotlari AQShlik harbiylar ko‘magida IShIDga qarshi kurashayotgan Suriya muholifati qurollangan otryadlaridan biriga xatolik tufayli zarba berdi. The Wall Street Journal nashri elektron versiyasi ma'lum qilganidek, Mara shahri hududida berilgan bu aviazarba oqibatida otryadning bir necha jangchisi halok bo‘lgan. 

Zarbadan keyin Pentagon "IShIDning ikkita taktik bo‘linmasi", unga tegishli bir nechta transport vositasi  yo‘q qilinganini ma'lum qilgan. The Wall Street Journal’ning ta'kidlashicha, aslida zarbaga "Mutasim brigadasi" – Suriya muholif guruhining jangchilari uchragan. Bu guruh a'zolarini IShIDga qarshi kurashda amerikalik harbiylar tayyorlab, qurollantiradi. Bu guruh vakili aviazarba oqibatida kamida 10 jangchi halok bo‘lganini ma'lum qilgan. 

AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligining javobgarlik sohasiga Yaqin Sharq kiradigan vakili, polkovnik Patrik Rayder bunday voqea haqiqatda yuz berganini tasdiqladi. Biroq u amerikalik harbiylar ma'lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida 4 nafar jangchi halok bo‘lganini aytgan. 

Uning aytishicha, Pentagon bu voqea bo‘yicha tergov o‘tkazmoqda. "Biz IShIDga qarshi kurashayotgan Suriya muholifati otryadlariga ko‘mak ko‘rsatishni davom ettiramiz va tergov natijalariga ko‘ra bo‘lg‘usida jangovor operatsiyalarimizni o‘tkazishni yaxshilash bo‘yicha xulosalar chiqaramiz", deb aytdi Rayder.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish