Usmonov: Peterburg forumi G‘arb bilan muloqotni boshlab berishi mumkin
Rossiyalik tadbirkor, USM Holdings asoschisi va bosh aksioneri Alisher Usmonovning fikricha, bo‘lg‘usi Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi Rossiya va G‘arb o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni tiklashga xizmat qilishi mumkin. U Sergey Brilevning ushbu forumga bag‘ishlangan filmida shunday qarashini bildirgan.
"Bu yil ko‘rinishidan G‘arb global iqtisodiyotda Rossiyaning o‘rnini ham hisobga olish, biz bilan aloqa qilish zarurligini tushinmoqda. Hatto, bizga sanksiyalar e'lon qilganlarning o‘zlari Yevrokomissiya raisi rahbarligida munosabatlarga oydinlik kiritib olish uchun kelmoqda. Bu o‘zaro muloqot boshlanishiga umid bag‘ishlaydi. Bu ajoyib", degan milliarder Usmonov.
16-18 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan XX Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Italiya vazirlar kengashi raisi Matteo Rentsi, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Avstriya vitse-kansleri Raynxold Mitterlener, Kuba vazirlar kengashi raisi o‘rinbosari Rikardo Kabrisas Ruis ham ishtirok etadi.
Bundan tashqari, BMT bosh kotibi Pan Gi Mun hamda jahon biznesining yetakchi kompaniyalari rahbarlari, Yevropa komissiyasi raisi Jan Klod Yunker ham tashrif buyuradi.