Jamiyat | 18:02 / 12.06.2016
13651
4 daqiqa o‘qiladi

Birovga tuhmat qilish orqali pul “ishlamoqchi bo‘lgan” tovlamachi ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi 

Doimgidek yaxshi kayfiyat bilan xonasiga kirib kelgan Jumaqul Shodiyev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘zini bu yerda noxush xabar kutib turganini xayoliga kam keltirmadi. Hamkasblari bilan salomlashib, hol-ahvol so‘rashib turarkan, xodimlardan biri uni boshliq chaqirayotganini aytdi. Bu haqda “Postda” nashri xabar bermoqda. 

- Ustingizdan shikoyat tushgan, - boshliq unga sinovchan tikilib. – Sizning qanday xodim ekanligingizni bilamiz, ammo qonuniy jihatdan bu fuqaroning murojaatini ham e'tiborsiz qoldira olmaymiz. 

Jumaqul Aziz Bo‘tayev tomonidan yozilgan shikoyatni o‘qir ekan, asabiylashib, qo‘llari qaltiray boshladi. Chunki unga qo‘yilgan ayb ishxonada, oila a'zolari oldida sharmanda qilib, boshini egib qo‘yishi mumkin edi. 

Jumaqul “Toshkent-Denov” yo‘nalishi bo‘yicha qatnaydigan poyezdda kuzatuvchi bo‘lib ishlaydi. 

O‘sha kuni poyezd poytaxtga yaqinlashgach, yo‘lovchilar Jumaquldan olgan oshxona buyumlarini qaytarish uchun uning kupesiga kelib-ketardi. Jumaqul buyumlarni qabul qilib olgandan so‘ng xotirjam bo‘lib tashqariga chiqdi. Poyezd Toshkent bekatida to‘xtagach, undan tushayotgan yo‘lovchilarni kuzatib turarkan, taxminan qirq yoshlar atrofidagi erkak uning yoniga keldi. 

– Nega kupeingizga har xil yigit-qizlar tez-tez kirib chiqadi. Menimcha, ular bu yerda nopok ishlar bilan shug‘ullanishyapti. Siz esa ularga sharoit yaratib beryapsiz. 

 - Og‘zingizga qarab gapiring, aka. Biz odamlarga halol xizmat qilamiz. Ular bizdan oshxona buyumlari olib turadi. Biror narsa kerak bo‘lsa, murojaat qilishadi. 

Har qancha o‘zini oqlamasin, haligi kishi Jumaqulning ustidan tegishli joyga shikoyat qilishini aytib, uni tark etdi. 
Jumaqul uning dag‘dag‘asiga parvo qilmagandek ko‘rinsa-da, kayfiyati buzilgani sezilib turardi. Sherigi Hasanni chaqirib bo‘lgan voqeani aytib berdi. 

 - E'tibor bermang, - dedi Hasan o‘zini xotirjam tutib. – Gapiraveradi, birovning asabini buzib rohatlanadiganlardan bo‘lsa kerak. 
Hamkasbining gapi bir oz unga dalda bo‘ldi. Ishdan keyin uyga qaytib oila a'zolari bilan suhbatlashib ancha tinchlandi, miriqib dam oldi.
Jumaqul ishni doim xush kayfiyat bilan boshlash kerak, deb hisoblardi. Ammo bugungi shikoyat uning odatini beixtiyor o‘zgartirishga majbur qildi. Qanday bo‘lmasin, vaziyatga oydinlik kiritib, o‘zini oqlab olmasa, qo‘li ishga bormay kun bo‘yi asabiylashib yuradi. Shu bois hamkasbi Hasan bilan maslahatlashib, arizada ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha shikoyatchi Aziz Bo‘tayevni topib, u bilan gaplashishdi.

- Ikkaloving ikki yuz dollardan to‘rt yuz dollar berasan. Shunda arizamni qaytarib olaman, bo‘lmasa meni boshqa bezovta qilmalaring.
U shunday deb yigitlarga telefon raqamini berdi. Chorasiz qolgan jabrlanuvchilar ichki ishlar idorasiga murojaat qilishdi. Shu kuniyoq osoyishtalik posbonlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Jabrlanuvchilardan tovlamachilik yo‘li bilan 400 AQSh dollarini olayotgan Aziz Bo‘tayev ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.
Muqaddam sudlanib, tegishli jazo olgan bo‘lsa-da, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan tovlamachi yana qing‘ir yo‘l bilan boylik topishni maqsad qilgandi. Biroq u niyatiga yeta olmadi.