Hindistonda 150 million yil avval yashagan dinozavr izlari topildi
Dinozavrlarning terapodlar guruhiga mansub Eubrontes Gleneronsensis deb nomlangan yirtqich dinozavr 150 mln yil avval qoldirgan izlar Hindistonning Rajaston shtatida topildi. Uch barmoqli tosh qotgan izlar zanjiri Jaysalmar shahri yaqinidagi Tar cho‘li o‘rtasida mahalliy Jay Narayn Vias universitetning geologiya va zoologiya bo‘limi olimlari guruhi tomonidan topildi.
"Biz kuchli tirnoqlar va 30 sm dan kattaroq yirik barmoqlarga ega dinozavrlarning uch barmoqli izlarini topishga muvaffaq bo‘ldik. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ularni dengiz bo‘yida yashagan, balandligi 3 metr va uzunligi 5-7 metr bo‘lgan dinozavr qoldirgan", deb aytdi doktor Virendra Singx Parixar.
Ekspeditsiyaning asosiy vazifasi Hindistonda avval bu yerda uchramagan uchuvchi va dengiz sudralib yuruvchilarini aniqlashdan iborat va Katch havzasi hamda Jaysalmer hududidagi Vaysakxi geologik formatsiyasi buning uchun juda mos keluvchi joylar hisoblanadi. Tar yoki Buyuk Hind cho‘li geologik-tarixiy jihatdan jonzotlar qoldiqlarini o‘rganish uchun juda qiziq joydir, chunki bu hududda oxirgi 280 mln yil ichida 4 marta – trias, bo‘r, kaynozoy davrlarida dengiz bo‘lgan. Dengiz cho‘kindilarda ko‘p miqdorda o‘simliklar va jonzotlarning tosh qotgan bo‘laklarini qoldirgan.
Professor Suresh Chandra Maturning ta'kidlashicha, birinchi natijalar ilhomlantirmoqda, chunki Eubrontes Gleneronsensis izlari Hindistonda birinchi bor aniqlandi. U avval Fransiya, Polsha, Slovakiya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Avstraliya va AQShda uchragan. "Bu ushbu hududda dinozavrlarni topishda yangi imkoniyatlar ochadi", deb aytdi professor.
Fategarx tuzilmasi hududida jonzotlarning ommaviy o‘limi izlari bo‘lgan paleontologik qatlamning ochilishi yana bir haqiqiy kashfiyot bo‘ldi. Bu yerda dinozavrlar, timsohlar, chig‘anoqlar va baliqlar qoldiqlarida sirli magnit sharchalar uchraydi, bu sharchalar davriy ravishda qadimiy geologik qatlamlarda aniqlanadi. Professor Maturning fikricha, bu holat dinozavrlarning sirli yo‘qolishiga aniqlik kiritishda yordam beradi.