Jamiyat | 04:27 / 12.06.2016
52045
4 daqiqa o‘qiladi

Kumush Razzoqova Nargiz Zokirovaning sochsiz boshi, tatuirovkasi va u haqdagi tarqalgan mish-mishlar haqida

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kumush Razzoqova hamkasbi Nargiz Zokirova haqida tarqalgan mish-mishlar, uning yashash tarzi, sochsiz boshi va tatuirovkalariga “Sabo.uz” gazetasi saytiga bergan intervyusida munosabat bildirdi.

– Siz bir paytlar bugungi kunda dunyo estradasida nomi chiqqan va ayni paytda o‘zbek matbuotida muhokamasi davom etayotgan mashhur Nargiz Zokirova bilan deyarli bir vaqtda ijodni boshlagansiz. Uning bugungi faoliyati bilan tanishmisiz? U haqida bolalab ketgan shou-shuvlar haqida qanday fikrdasiz?

– U ijodga kirib kelgan kezlarda men san'atning nonini yeb yurgan xonanda edim. "Sado” ansamblida uch nafar qiz birga ijod qilardik. Nargiz bilan esa o‘sha "Vodillik kelin" filmida uchrashib qolganmiz. To‘g‘ri, Nargiz oldin Toshkentda faoliyatini boshlagan. Lekin volidasining salomatligi yomonlashganidan so‘ng Amerikaga ko‘chib ketishdi. Kelib chiqishi, tug‘ilgan yurti O‘zbekiston bo‘lgani bilan u uzoq vaqt chet elda yashadi. Hayot taqozosi bilan Amerikadagi qahvaxona va restoranlarda tirikchilik uchun qo‘shiq aytib yurganidan ham xabarim bor. 

– Tanasidagi turli xil tatuirovkalar bilan san'atda portlash qilgani ba'zilarga ma'qul kelmas...

– Albatta, o‘zga yurtda bo‘lganidan keyin o‘sha yerga moslashishiga to‘g‘ri keladi. Endi u haqidagi gap-so‘zlariga keladigan bo‘lsak, odamlarning o‘zi har xil fikrda-ku. Hozirgi zamon estradasining ahvoli va o‘zgarishlarini barchamiz birdek ko‘rib, anglab turibmiz. Balki, sochsiz yalang‘och boshi, tanasidagi turli xil tatuirovkalar bilan san'atda portlash qilgani ba'zilarga ma'qul kelmas. Bu mentalitetimizga xos bo‘lmagan holatdir. Lekin o‘sha yerdagi muxlislariga manzur kelyapti-ku?.. Yurtimizda ham uning muxlislari ozmuncha emas.

Balki shunday imij va uslubda chiqqani uchun o‘zini yaxshi his qilar. Nazarimda bu o‘ziga ham yarashadi, bilmadim men uchun juda qo‘pol ko‘rinmaydi. Chunki Nargiz endi 16-17 yoshli qizcha emas-ku?! Har holda ona, buvi bo‘lgan ayol. Xatti-harakatlarida o‘zining didi borligi yaqqol ko‘rinib turadi. Endi rok yo‘nalishidagi xonandalarning xarakteri va kiyinish uslubi shunday-da. Lekin u haqida kim qanday fikrlashidan qat'i nazar Nargiz ovozi, dardi bor xonanda deb bilaman. Men uni shaxsiy mulohazalarim bilan yaxshi yoki yomonga chiqarolmayman.

Ammo menga bir tomoni yoqmadi. U Rossiya shousida portlash qilib chiqqanidan so‘ng qisqa vaqt ichida mashhur bo‘ldi. Keyin yurtdoshlarimiz bilan internet orqali ko‘ngilsiz suhbatlarni qilishga ham ulguribdi. O‘sha paytda uni qoralab, yomonlagan va imijini "axloqsizlik” deya ta'kidlaganlar bilan gap tortishishi shart emas edi. O‘zbekiston nomini yoki xalqni qo‘shishning umuman zarurati ham yo‘q edi. Jimgina o‘shalarga dangal gapirib, mavzuga nuqta qo‘ymaydimi, dedi-dedilarni ko‘paytirmasdan. Ochig‘ini aytaman, men uchun u baribir iqtidorli qo‘shiqchi.