Sport | 22:57 / 12.06.2016
8674
2 daqiqa o‘qiladi

Lillda Germaniya va Ukraina terma jamoalari muxlislari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi

Yevropa chempionati doirasida futbol fanatlari bilan bog‘liq navbatdagi hodisa yakshanba kuni Lill shahrida sodir bo‘ldi. Shu shaharda o‘zaro uchrashuv o‘tkazadigan Ukraina va Germaniya terma jamoalari muxlislari to‘qnashgan. Bu haqda mahalliy La Voix du Nord nashri xabar tarqatgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, nemislarning 30 kishidan iborat guruhi Gran-Plyas maydonida ukrainalik muxlislarga hujum qilgan. Vaziyatga politsiyachilar aralashgan va janjal bartaraf etilgan. Germaniya fuqarosi bo‘lgan bir shaxs qo‘lga olingan.

Germaniya va Ukraina terma jamoalari bahsi Toshkent vaqti bilan soat 23:55da boshlanadi.

11 iyun kuni Marselda Rossiya – Angliya uchrashuvi arafasida va o‘yindan keyin angliyalik va rossiyalik fanatlar ishtirokida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi.

12 iyun kuni UYeFA Rossiya va Angliya terma jamoalarini muxlislar to‘qnashuvi davom etadigan bo‘lsa, Yevropa chempionatidan chetlatishi mumkinligidan ogohlantirdi.