Roy Hojson: «Keyingi o‘yinda boshqa hujumchilar tushirishim mumkin»
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roy Hojson Rossiyaga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
«Menda futbolchilarda qanday bo‘lsa, shunday hissiyotlar. Ochig‘ini aytganda, biz qattiq xafamiz. Biz g‘alaba uchun o‘ynadik va unga yaqin edik. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda gol o‘tkazib yubordik va bu achchiq qalampir kabi ta'sir qildi. Futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi.
Endi bu o‘yin tasvirlarini ko‘rib chiqamiz va bundan keyingi o‘yinlar uchun foydali jihatlar olishga harakat qilamiz. Umid qilamanki, biz bu golni tezda yoddan chiqara olamiz.
Bilardim, Dayyer jarima zarbalarini juda zo‘r tepadi, mashg‘ulotlar vaqtida bunga ko‘p guvoh bo‘lganman. Gol raqib maydoni tomonida qilingan kuchli bosim natijasida yuzaga keldi, bu vaziyatda raqiblar futbolchisi qo‘pollik ishlatishga majbur bo‘lgandi.
Lallana, Sterling va Keyn uchligi Sterling – Uelbek – Runi uchligi kabi o‘ynadi. Biz keyingi uchlikdan saralash bosqichi o‘yinlarida foydalanganmiz. Biz hujum chizig‘ining harakatlaridan qoniqish hosil qildik, ular bugun juda zo‘r o‘ynagan bo‘lishsada, keyingi o‘yinlarda maydonga boshqa hujumchi tushirishim mumkinligini istisno etmayman.
Runi haqida gapiradigan bo‘lsak, u o‘yinni yuqori su'ratda o‘tkazdi. U harakat qildi. Juda ko‘p harakat qildi. Ha, biz uchinchi o‘yinchi almashtirishdan foydalanishimiz va natija boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi, lekin oxirgi daqiqada muammo paydo bo‘lishi va g‘alaba boy berilishi mumkinligi xayolga ham kelmagandi», – degan Hojson.