Yer sayyorasining 80 foizga yaqin aholisi tunda yulduzni ko‘ra olmaydi
Balki tunda yulduzlar yorqinroq nur sochar, biroq yangi tadqiqotlarga ko‘ra, sayyora aholisining 80 foizga yaqini buni his qilmaydi. Va bunda insoniyatning ulkan ixtirosi elektr energiyasi aybdordir. Gap shundaki, tungi vaqtlarda elektr energiyasidan foydalanish inson hayotiga shunchalik chuqur kirib kelganki, elektr chiroqlari Yerning aksar aholisi uchun yulduzlar nurini "so‘ndirmoqda".
Kunning qorong‘i vaqtidagi osmonning yorqinligiga oid yangi atlasga muvofiq, galaktikamizning yorug‘ligini Yevropa mamlakatlari aholisining 60 foizi, Shimoliy Amerika ahlining salkam 80 foizi ko‘rmaydi. Insonlar qo‘llayotgan lampalar nuri shunchalik kuchliki, u Singapur, Quvayt va Maltada Somon yo‘lining tabiiy yorug‘ligini to‘sib qo‘ymoqda.
Olimlar o‘z tadqiqotlari uchun Amerikaning Suomi NPP meteorologiya sun'iy yo‘ldoshidan olingan ma'lumotlardan foydalanishgan. Bu axborotlar, osmon yorqinligiga oid kompyuter modeli ma'lumoti, professional va havaskorlar tomonidan ochiq dalada olingan raqamlar bilan o‘zaro taqqoslangan.
Natijada, AQSh va Yevropa hududining 99 foizi o‘ziga xos "yorug‘lik bilan ifloslangan"i aniqlangan. Yevropaning atigi bir necha davlati va Korsika oroli hamda Ispaniyaning markaziy mintaqalari bu borada osmoni yorqinligi bilan xursand bo‘lishi mumkin.