2015 yilda Farg‘ona viloyatiga 54,5 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi
2015 yili Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan dasturlar doirasida 78,6 million dollarlik investitsiyalar jalb qilindi. Uning 54,5 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.
Investitsiyalarning asosiy qismi yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va kimyo sanoatiga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda viloyatdagi 638 yengil sanoat korxonasida 16,5 ming ishchi mehnat qilmoqda. Tizimdagi 42 qo‘shma korxona o‘z mahsulotlarini 30 dan ortiq xorijiy davlatga eksport qilayotir.
– Bir paytlar paxta tolasidan tayyorlangan kiyimlar xalqimiz uchun orzu edi, – deydi “Beshariq tekstil” qo‘shma korxonasi direktori Muxtor Qobulov. – Tabiiy matodan tikilayotgan yuzdan ortiq turdagi sport kiyimlari va bolalar liboslari, umuman, korxonamiz mahsulotining 90 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 milliard 850 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 424 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.