Amerikalik bokschi Uaylder Povetkin va "Mir boksa" kompaniyasini sudga berdi
Butunjahon boks kengashi (WBC) tasnifining o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempioni Deontey Uaylder va uning promouterlik kompaniyasi rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkin hamda "Mir boksa" promouterlik kompaniyasini jang o‘tkazilmagani uchun sudga berdi, deb xabar qilmoqda Fightnews.
Povetkin va Uaylder o‘rtasidagi jang 21 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo rossiyalik sportchining doping testida meldoniy qoldiqlari topilgani o‘yinni ortga surilishiga sabab bo‘lgandi. WBC rossiyalikka nisbatan surishtiruv ishlari olib borilar ekan, amerikalikka unvonini ko‘ngilli ravishda himoya qilish huquqini bergandi.
Keyinroq Povetkinning "B" probasi ham meldoniy qoldig‘iga ijobiy natija berganligi xabar qilingan. Unda taqiqlangan moddadan 72 nanogramm aniqlangan edi. "A" probasida bu raqam - 70 nanogrammni tashkil etgandi.
Uaylder tomoni o‘yin o‘tkazilmagani uchun kamida 5 mln dollar tovon puli undirmoqchi.