Sport | 11:51 / 14.06.2016
17096
5 daqiqa o‘qiladi

Futbol haqidagi eng nodir va keskir iqtiboslar

Futbol kim uchundir (sportdagi go‘zallikni anglay olmaydiganlarga, albatta) ahmoqona tomosha bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin, millionlar o‘yiniga milliardlab kishilar ishqibozlik qiladilar. Demak, ular orasida aqllilari juda ko‘p. Shundan bo‘lsa kerak, jahon OAVlarida futbol to‘g‘risida ko‘plab nodir va takrorlanmas darajadagi iqtiboslar berib boriladi.

Futbol haqida ko‘proq sharhlovchilar yoki jurnalistlar bilib-bilmay bizni tilimiz bilan aytganda askiya qilib qo‘ydilar. Ularni tushunsa bo‘ladi, chunki soha kishilari futbolni azbaroyi qattiq sevganidan shunday qiladilar. Jahllari chiqqanida bir quyushqondan chiqishib, baqirib olishadi, begunoh idishlarni sindirishadi va yana futbolni va asablari kushandasi bo‘lgan terma jamoalariga ashaddiy ishqibozlikni davom ettirishaveradi. Mana buni - o‘zaro monandlik, ya'ni – garmoniya deb atash mumkin.

“Milliy terma jamoamiz shunday takrorlanmas o‘yin ko‘rsatdiki, futbolchilarning o‘zlari ham nega maydonga tushganliklarini tushunmadilar”, kabi gap-so‘zlarni dunyoning barcha mamlakatlarida eshitishingiz mumkin.

Ba'zida o‘yinchilar “zukkolarcha” fikr bildirib qo‘yadilar. Bilamiz, bu ularning xatosi. Futbolchi aqlliroq gap aytmoqchi bo‘ladi-yu, so‘z boyligi kamtarona bo‘lganligi sabab, o‘sha fikr kulgili chiqadi. Futbolchi o‘zi shunaqa inson – avval gapirib, so‘ng o‘ylanadi. Undan keyin esa to‘pni tepadi.

Penalti — shunday narsaki, jallod bir lahzaning o‘zida jabrlanuvchiga aylanishi mumkin.

Franchesko Totti

Otam bolaligimda o‘zim ishtirok etgan uchrashuvga hakamlik qilgan. Esimda, u menga sariq kartochka ko‘rsatib, ismimni so‘ragan edi.

Kevin Kayl

Aytishlaricha men to‘yimiz bo‘lgan kunni nishonlash uchun xotinimni futbol o‘yiniga olib boribman. Bo‘lmagan gap!. O‘sha kuni uning tug‘ilgan kuni edi. O‘ylab ham ko‘rishmaydi. Nima men mavsum o‘rtasida uylanadigan ahmoqqa o‘hshaymanmi?!

Bill Shenkli

Ba'zida biz yutqazamiz, ba'zida boshqalar yutadi.

Otto Rexagel

Taxminlarni yaxshisi - o‘yindan so‘ng qilgan ma'qul!

Joau Domingos Pintu

Futbol bu — omma ya'ni juda ko‘plab insonlar uchun baletdek gap.

Dmitriy Shostakovich

Ba'zilar futbol bu - hayot va mamot masalasi, deyishadi. Bu ham yomon fikr emas. Ishoning, futbol bundanda muhimroq narsa!

Bill Shenkli

Doim himoyada o‘ynaydigan raqib bilan o‘ynash xuddi daraxtga sevgi izhor qilish bilan barobardir.

Xorxe Valdano

Futbol qoidasi juda oddiy: agar to‘p yumalayotgan bo‘lsa, tep. Agar u dumalamayotgan bo‘lsa ham tepishing kerak.

Fil Vusnam

Futbolda baloni tushunmasang ham, jarayonni ko‘rib hayajonlanaverasan.

Nil Sallivan

Agar yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsam, final hushtagi yangrashini juda yomon ko‘raman. Qaniydi, o‘yin abadiy davom etsa, degan fikr miyamga keladi. Agar yomon o‘ynayotgan bo‘lsam o‘yinim yaxshi chiqqunicha bahs davom etishini xohlayman.

Jordj Best

Men chempionatda g‘olib chiqish uchun har o‘yinda mag‘lubiyata uchrashga ham qarshi emasman.

Mark Viduka

To‘g‘risi, hozir uzoqni ko‘zlab yarim final haqida gapirish o‘rinsiz. Lekin, finalda albatta g‘alaba qozonishimiz kerak.

Bobbi Robson

Mashg‘ulot paytida spirtli ichimlik ichadiganlar va umuman alkogolga yaqinlashmaydiganlarni ikkiga bo‘lib, o‘yin o‘tkazdik. Ichadiganlar 7:1 hisobida yutishdi. Men – yigitlar bilganinglarni qilinglar!, dedim.

Maks Merkel

To‘p bilan nima qilishni bilmasang – Gavrilovga ber!

Konstantin Beskov

Hozirgi futbolchilar o‘zini ishchilar sinfidan deb bilishadi. Tavba! Shuncha daromad ko‘radiganlarni fikrini qarang! Lekin, ularni shunday o‘ylashi menga juda yoqadi.

Aleks Fergyusson

Darvozaga aniq to‘p yo‘llashdan tashqari, darvozabonga nisbatan qiyshiq tepish ham kerak.

Konstantin Melixan

Futbol dunyodagi muhim va umuman muhim bo‘lmagan narsadir.

Frants Bekkenbauer

Insonlar 22 yollangan kishining to‘p tepishini tomosha qilish uchun pul to‘lashadi, deyish, xuddi skripka daraxt shoxi yoki “Gamlet” qog‘oz va siyohdan iborat narsa deyish bilan barobardir.

Jon Boynton Pristli

Elmurod Ermatov, Andijon