Jahon | 17:52 / 14.06.2016
11721
2 daqiqa o‘qiladi

IShID terrorchisi politsiyachi va uning xotinini 3 yoshli o‘g‘li ko‘z o‘ngida o‘ldirib, Facebook orqali translyatsiya qildi

IShID terrorchi guruhi vakili Larossi Abballa fransuz politsiyasi xodimi va uning xotinini 3 yoshli o‘g‘lining ko‘z o‘ngida o‘ldirib, buni Facebook'ning jonli efiri orqali translyatsiya qildi. Bu haqida Mirror nashri ma'lum qildi. 

Fransiyaning xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Devid Tomsonning aytishicha, Larossi jinoyat sodir etilgan joydan suratlarni ham namoyish qilib, qotillikning sababini batafsil yozib qoldirgan. U tarmoqda 'Mohamed Ali' nomi ostida qayd qilingan bo‘lib, jinoyat joyidan jami 15ta surat va 13 daqiqali video namoyish qilgan. 

Bundan tashqari, terrorchi o‘ldirilgan politsiya xodimining o‘g‘li tasvirlangan suratni ham ijtimoiy tarmoqqa qo‘yib, "hozircha uni nima qilishni bilmayotganini" aytgan. 

Jinoyatchi qo‘lga olindi, uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi to‘xtatildi, bola esa qutqarildi. 

Larossi Abballa Fransiyaning Mant-la-Joli shahrida tavallud topgan. 

2013 yilda terrorchi jinoiy guruh tarkibida terrorchilik aktiga tayyorgarlikda ayblanib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Bundan tashqari o‘g‘irlik va zo‘ravonlikda ham ayblangan. U birinchi marta 2011 yilda 19 yoshida jinoiy javobgarlikka tortilgan. Abbala ijtimoiy tarmoqlardan Fransiyadagi huquq-tartibot organlari xodimlarini o‘ldirishga chaqirish maqsadida foydalangan. Bundan tashqari u Afg‘onistonga odam savdosini yo‘lga qo‘ygan terrorchilar bilan aloqalarda gumon qilinmoqda. 

Fransiya prezidenti Fransua Olland 14 iyun - seshanba kuni qanday qilib avval hibsga olingan terrorchi yana qotillikka qo‘l urishi mumkinligi muhokamaga qo‘yiladigan favqulodda yig‘ilish o‘tkazishi ta'kidlandi.