Jahon | 18:47 / 14.06.2016
6596
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlandi

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursultan Nazarboyev ayni damda Respublika Qishloq xo‘jalik vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Asqar Mirzaxmetovni bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Farmonda “Mirzaxmetov Asqar Isabekovich Qozog‘iston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – Qishloq xo‘jalik vaziri etib tayinlanishi” ta'kidlangan. Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, Asqar Mirzaxmetov shu yilning 6 may kuni Yer kodeksi loyihasida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun mansabidan ozod etilgan Asiljan Mamitbekovning o‘rniga Qishloq xo‘jalik vaziri etib tayinlangan edi.

Asqar Isabekovich Mirzaxmetov 1962 yilning  oktabrida Chimkent shahrida tug‘ilgan. Olma-Ota zooveterinariya institutini bitirib, Umumittifoq chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutining aspiranturasida tahsil oldi. Ma'lumoti bo‘yicha — zoomuhandis, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi. Umumittifoq Qishloq xo‘jalik fanlari akademiyasining Sharq bo‘limida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.

1991—1995 yillarda “Qazaqstan” respublika qurilish birjasi aksiyadorlik jamiyatining vitse-prezidenti, “Elektroniy magazin” kompaniyasi, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Birjalar Uyushmasi Boshqaruvi raisi vazifalarida ishladi.

1995-96 yillarda «Tasmo» investitsiya firmasining bosh direktori, «Agro-lizing» AJ Bosh direktori (1996—1999); Qozog‘iston bosh vazirnining shtatsiz maslahatchisi (1997—1999); Qozog‘iston Tadbirkorlar Forumi Kengashi raisi (03.1999—08.1999); Qishloq xo‘jalik vazirining o‘rinbosari (08.1999—06.2002) lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1999 yildan 2002 yilga qadar  Asqar Mirzaxmetov «Prodkorporatsii» direktorlar kengashi a'zosi, direktorlar kengashi rahbari bo‘ldi. 2002 yilning iyun oyida Qishloq xo‘jalik  vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Prezident farmoniga ko‘ra 2005 yilning 25 avgustida Qishloq xo‘jalik vaziri etib tayinlandi.

2006 yilning 24 aprelidan 2007 yilning 11 sentabriga qadar Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulotda va Muxtor elchisi  vazifasida ishlagan.

2007 yilning sentabridan 2009 yil mart oyiga qadar qarorgohi Chimkent shahrida bo‘lgan “Janub” ijtimoiy-tadbirkorlik korporatsiyasi” milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatiga rahbarlik qildi. 2009 yilning 4 mart kuni Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi etib tayinlandi. Bu lavozimda 2015 yilning 8 avgustiga qadar ishladi. Shundan so‘ng «Nur Otan» partiyasi raisining birinchi o‘rinbosari etib saylandi.

«Kurmet» (2010), Rossiyaning Drujba  (2013) ordenlari sohibi.

Bosh vazir Karim Masimov 14 iyun kuni hukumat yig‘ilishida qishloq xo‘jalik vaziri Asqar Mirzaxmetovni o‘zining o‘rinbosari etib tayinlangani bilan tabrikladi. Shundan so‘ng bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Baxitjan Sagintayevga murojaat qilib, Yer islohatlari borasida tuzilgan komissiya ishi ustidan nazoratni Asqar Mirzaxmetovga topshirish borasida ko‘rsatma berdi.

O‘z navbatida, Asqar Mirzaxmetov o‘ziga bildirilgan ishonch uchun minnadorchilik bildirdi. U qabul qilingan qaror qishloq xo‘jalik sohasi o‘ta muhim tarmoq ekanligidan dalolat ekanini, bu sohada to‘plagan tajriba va bilimini qishloq xo‘jaligi rivoji yo‘lida  sarflashga tayyorligini ta'kidlab o‘tdi.

Asqar Mirzaxmetov O‘zbekistondagi elchilik faoliyatida jurnalistlar bilan hamkorlik aloqalarini yaxshi yo‘lga qo‘ygan va o‘zidan yaxshi nom qoldirgan edi.

 

Sharofiddin To‘laganov