Jahon | 08:35 / 14.06.2016
5184
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda politsiyachini o‘ldirib, uning oilasini garovga olgan jinoyatchi yo‘q qilindi

Parij atrofidagi Mananvil shahrida jinoyatchi politsiyachini o‘ldirib, uning uyida qamalib olib, politsiyachi oilasi – rafiqasi va o‘g‘lini garovga oldi, deb xabar bermoqda Le Figaro nashri. Voqea 13 iyunda soat 20:30larda sodir bo‘lgan.

BFMTV nashrining ma'lum qilishicha, politsiyachi uyi oldida bir erkak bilan janjallashib qolgan. Janjal davomida jinoyatchi politsiyachiga 9 marta pichoq urgan. Shundan keyin u politsiyachi uyiga bostirib kirgan va uning oilasini garovga olgan.

Voqea joyiga huquq-tartibot muassasalari xodimlari yetib kelganlar va jinoyatchi bilan muzokaralar olib borganlar.

Le Parisien nashri ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyatchi politsiyachining qo‘shnisi bo‘lgan. Biroq Fransiya ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi jinoyatchi shaxsi va uni jinoyatga undagan sabablar hozircha o‘rnatilmaganini ma'lum qilgan.

Jinoyatchi shturm vaqtida yo‘q qilindi. Voqea joyi ko‘zdan kechirilganda ayol jasadi aniqlangan, 3 yoshli bola omon qolgan.

Ta'kidlanishicha, jinoyatchi bilan muzokaralarda Fransiya milliy politsiyasi RAID bo‘limi xodimlari ishtirok etgan. Shturm "vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgach", 14 iyunga o‘tar kechasi boshlangan. Ma'lum qilinishicha, muzokaralar borayotgan vaqtda uy ichidan baland paqildoq ovozlar kelgan.

IShID terrorchilik guruhi jangarilari bu qotillik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Amaq axborot agentligi xabarida jinoyatchi IShID jangarisi bo‘lib, Myuro kommunasi yo‘l politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari va uning rafiqasini o‘ldirgani aytilgan.

Fransiya ichki ishlar vaziri Bernar Kaznev halok bo‘lgan politsiyachi va uning rafiqasi yaqinlariga hamdardlik bildirdi.