Portugaliya - Islandiya. Yevro-2016 guruh bosqichi 1-turidagi oxirgi uchrashuv
Bugun, 14 iyun kuni Yevropa chempionati guruh bosqichi, birinchi turidagi oxirgi uchrashuvlar o‘tkaziladi. Dastlab, Toshkent vaqti bilan soat 21:00da Bordo shahridagi "Matmyu Atlantik" stadionida Avstriya – Vengriya to‘qnashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu uchrashuv yakunlanganidan 1 soat o‘tib esa Sent-Etennda, "Joffrua Gishar" o‘yingohida Portugaliya va Islandiya uchrashuvi boshlanadi. O‘yin hakami turkiyalik Junayd Chaqir.
Sent-Etenndagi o‘yin turnirning guruh bosqichidagi 1-tur uchrashuvlarini yopib beradi. Bu o‘yinda Krishtianu Ronaldu yetakchiligidagi portugallar tajribali murabbiy Lars Lagerbek yangi bosqichga olib chiqqan Islandiya terma jamoasiga qarshi chiqadi.
Ikki jamoa ham turnirga a'lo kayfiyat bilan tashrif buyurgan. Turnir arafasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida portugallar estonlarni 7:0 hisobida yenggan, islandiyaliklar esa Lixtenshteyn ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Bu jamoalar Yevro-2012 saralashida o‘zaro o‘ynagan, o‘shanda portugallar uyda 5:3, safarda 3:1 hisobida g‘alaba qozongan.
Islandiya terma jamosining hozirgi avlodi barcha davrlardagi tarkibi orasida eng yulduzlisi (Sigurdsson, Sigtorsson, Finnbogasson, Gunnarsson). Bundan tashqari, jamoaga 67 yoshli tajribali mutaxassis Lars Lagerbek murabbiylik qilmoqda. U shu vaqtgacha Yevropa chempionatida 3 marta, 2000, 2004 va 2008 yillarda Shvetsiya terma jamoasi bilan birga qatnashgan. Islandlar saralash bosqichida Turkiya va Niderlandiyani ortda qoldirib, Chexiyadan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi va turnirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Portugaliya esa keyingi 12 yilda yirik turnirlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Bunda ayni vaqtda 31 yoshga chiqqan Krishtianu Ronalduning o‘yinlari ham sabab. U yakunlangan mavsumni ham yuqori sur'atda o‘tkazdi va barcha turnirlarda jami 48 uchrashuvda maydonga tushdi va 51 gol urib, 15 marta golli pas uzatdi. U bilan birgalikda jamoada Moutino, Nani va Kuarejma yetakchilar hisoblanadi. Kuarejma bugungi o‘yinni kichik jarohati tufayli qo‘yib yuboradi.
Taxminiy tarkiblar:
Fernandu Santush, Portugaliya bosh murabbiyi:
– Futbolchilar o‘yin boshlanishini intiqlik bilan kutishmoqda. Albatta, biz turnirni a'lo darajada o‘tkazish uchun kelganmiz. Buning uchun har bir o‘yinda g‘alaba qilish kerak.
Islandiya – jismoniy jihatdan yetuk jamoa. Jamoa jismonan kuchli, taktik o‘yin yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, hujumda ham, himoyada ham birdek yaxshi o‘ynay oladi. Islandlar bizning g‘alabaga bo‘lgan intilishimizga qarshi barcha ishni qila olishadi.
Lars Lagerbek, Islandiya terma jamoasi bosh murabbiyi:
– Barcha biladiki, Ronaldu – dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Albatta, biz butun jamoaga qarshi o‘ynasakda, birinchi navbatda uni qurolsizlantirishga harakat qilamiz.
Manba: Tribuna.UZ