Fan-texnika | 15:48 / 14.06.2016
16262
2 daqiqa o‘qiladi

"Transformerlar"ning yangi seriyasi uchun Ford Mustang modeli namoyish etildi

«Transformerlar» filmi rejissyori Maykl Bey, fantastik jangari filmining beshinchi qismi Transformers 5: The Last Knight uchun ishlangan Ford Mustang politsiya mashinasining suratlarini internet sahifasiga joylashtirgan. Suratda ko‘rayotganingiz ushbu sportkari kinokartinaning qahramonlaridan biri robot Barrikeydga aylanadi.

Rejissyorning qayd etishicha, avtomobil-transformer filmdagi raqiblardan biri bo‘lib, u jazolash va qul qilish bilan shug‘ullanadi. 

Barrikeyd-Fordning texnik ko‘rsatkichlari haqida ma'lumotlar keltirilmagan. Odatda, AQShdagi Ford Mustang 4 xil motor bilan savdoga chiqariladi. Bular: 2.3 (310 ot kuchi), 3.7 (300 ot kuchi), 5.0 (435 ot kuchi) va 5.2 (526 ot kuchi)ga ega dvigatellardir.

Avvalroq, Maykl Bey «Transformerlar»ning beshinchi qismi uchun Chevrolet Camaro kupesini namoyish etgandi. U, Bamblbi robotiga aylanadi. Ushbu avtomobilni General Motors konserni film uchun maxsus ishlab chiqqan. 

Transformers 5: The Last Knight filmining jahon taqdimoti 2017 yil 23 iyunida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Kinokartinada Mark Uolberg, Entoni Xopkins va Josh Dyuamellar ham ishtirok etadi.