Ruminiya terma jamoasi o‘yinchisi Fransiya bilan uchrashuvda bamaylixotir sigaret chekayotgan alfozda ushlandi
Ruminiya terma jamoasi hujumchisi Denis Alibek Yevro-2016 guruh bosqichining 1-turida Fransiyaga qarshi uchrashuv vaqtida sigaret chekayotgan alfozda ushlandi. Bu haqda Gazeta Sporturilor xabar bermoqda.
Uchrashuvning 2-bo‘limida Ruminiya bosh murabbiyi Angel Yordenesku yordamchilariga zaxirada bo‘lgan Alibekni maydonga tushirishga tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Yordamchilar futbolchini zaxira o‘rindig‘idan topisha olishmagan. Shundan keyin ular futbolchini qidirib yechinish xonasiga borishganda, ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, futbolchi u yerda bamaylixotir sigaret tutatayotgan bo‘lgan. Shunga qaramasdan, Alibek Florin Andone o‘rniga 61-daqiqada maydonga tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning ochilish uchrashuvi Fransiyaning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Denis Alibek Ruminiyaning "Astra" klubida to‘p suradi. O‘tgan mavsumda 25 yoshli futbolchi klub uchun 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, 17 ta gol urgan. Shuningdek, Alibek Ruminiya terma jamoasi safida 6 ta o‘yinda maydonga tushib, bir to‘p muallifiga aylangan.