Tojikistonning sobiq TIV rahbari: 15 yil avval ShHTda belgilangan vazifalar amalga oshirildi
Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) 15 yil avval belgilangan vazifalari bugunga kelib hayotda o‘z ifodasini topdi. Bu haqida Tojikistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, Tojikiston Fanlar akademiyasi a'zosi, iqtisod fanlari doktori Talbak Nazarov Tashkilotning 15 yilligi bo‘yicha TASS muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda ma'lum qildi.
"2001 yilning 15 iyunida Shanxayda qabul qilingan Shanxay hamkorlik tashkilotini tuzish deklaratsiyasida Tashkilotning maqsad va vazifalari aniq belgilab olingan. Bu eng avvalo mamlakatlararo ishonch, do‘stlik va qo‘shnichilik aloqalarining mustahkamlanishi, ularning siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy, ta'lim, energetika va boshqa sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha birgalikda harakat qilish", - dedi Nazarov. Olimning ta'kidlashicha, uncha ko‘p bo‘lmagan vaqt ichida Tojikistonning ShHT bo‘yicha hamkorlari bilan munosabati sezilarli darajada kengaydi va chuqurlashdi. U bugungi kunda tashkilotning o‘z tarkibidagi mamlakatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va oliy marralarga erishish uchun yetarlicha imkoni va salohiyati borligiga ishonadi.
"Tojikiston va ShHT nafaqat iqtisodiy taraqqiyot sohasida, balki terrorizmga qarshi kurash, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash yo‘lidagi hamkorlikni ham kuchaytiradi", - ta'kidladi Nazarov.