Jahon | 10:50 / 16.06.2016
3298
2 daqiqa o‘qiladi

2016 yilda AQSh Ukrainani 220 million dollar bilan ta'minlaydi

AQSh rahbariyati joriy yilda Ukraina hukumatiga islohotlarni o‘tkazish uchun 220 million dollar ajratadi. Bu haqida Oq uy rasmiylari xabar bergan. 

"AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Vashingtonda Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman bilan uchrashib, Oq uy Ukrainaga iqtisodiy, siyosiy va energetika islohotlari uchun yangi yordam dasturi sifatida 220 million dollar ajratishini bildirdi. Bu dastur Ukrainaning demokratik institutlar va huquq-tartibotni mustahkamlash, barqaror iqtisodiy o‘sish va gumanitar ehtiyojlarni qondirish borasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashning davomi hisoblanadi", - deyiladi xabarda. 

Bu tashabbuslar AQSh hukumati 2014 yildan buyon amalga oshirib kelayotgan 1,3 milliard dollar hajmidagi yordam dasturining bir qismi ekanligi ta'kidlandi. 

Pul vositalari "bojxona sohasidagi islohotlarni o‘tkazishga, shu jumladan huquqiy, me'yoriy va infratuzilma jihatdan qo‘llab-quvvatlashga va bojxona monitoringi markazini yaratishga" yo‘naltirilishi ma'lum qilindi.

Bu yerda gap korrupsiya bilan kurashish haqida ham ketmoqda, buning uchun Vashington sud tizimidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. AQSh Ukrainada antikorrupsiya tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida.

Bundan tashqari, hujjatda energoxavfsizlikni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish ham qayd etilgan. 

Shu bilan birga chet eldagi xususiy investitsiyalar bo‘yicha davlat Korporatsiyasi 9 iyunda Ukrainadagi qator jabhalarni (qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish, turar joy sektori) mablag‘ bilan ta'minlaydigan ikkita fondga 62,5 million dollar ajratishini tasdiqladi.